Prezident ma’rifat va tarbiyada ajdodlarimizning ilmiy merosiga tayanish lozimligini ta’kidladi

    Hukumat 17 Fevral 2023 5806

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga kelib, Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.

    Qur’on tilovat qilindi. Alloh taolodan o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duo o‘qildi.

    - Hamma joylarga borib, sohalarga turtki berib, muammolarni hal etib, xalqni rozi qilishga harakat qilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Bugun Buxoroga ham yangi marralarni belgilash, odamlarning birini ikki qilish uchun keldik. Hamma xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin.

    Olimlar bilan suhbatda diniy ta’limni rivojlantirish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligi ta’kidlandi.

    - Oxirgi yillarda hamma sohalar qatori din bo‘yicha ham ochiqlik, erkinlik berildi, bir nechta ilmiy markazlar tashkil etdik. Lekin bulardan xalqimizga nima manfaat bo‘layapti? Manfaat shunday bo‘lishi kerakki, bu salohiyatni jamiyatga yetkazish kerak. Buxoriy, Moturidiy, Marg‘inoniy kabi buyuk bobolarimiz merosiga tayangan holda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarur. Buning uchun diniy ta’limni amaliyot bilan bog‘lash, ilmiy markazlarimizni dunyoda yetakchilarga aylantirish kerak, - dedi davlatimiz rahbari.