Shuningdek, kirib kelgan 2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida islohotlarni amalga oshirish mahalla infratuzilmasini yaxshilashdan boshlanishi kerakligi va suv, yo‘l, ta’lim, transport, poliklinika shart-sharoitlariga e’tibor qaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligini aytib o‘tdi. Demak, ushbu murojaatnomaning birinchi ustuvor yo‘nalishi – mahalla infratuzilmasiga ahamiyat berish va kamchiliklarni bartaraf etishdir.
Har bir viloyatdan 2-3ta tuman tanlab olinib, undagi muammolar, jumladan: transport ta’minoti, bog‘chalar, maktablar, tibbiyot sohasidagi, suv hamda elektr bilan bog‘liq kamchiliklar ko‘rib chiqilishi, ushbu muammolar bartaraf etilishi belgilandi. Ushbu o‘zgarishlarni Urgut tumanidan boshlanganligini va tumanda 100 ming aholiga mo‘ljallangan ekoshahar barpo etilishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, 33 ta tuman va 330 ta sharoiti og‘ir mahallalar ham tanlab olinib, ularda ham islohotlar olib boriladi, nafaqat mahalla infratuzilmasida o‘zgarishlar qilinadi, balki tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion mablag‘ ajratiladi. Har bir deputatlarga ma’lum miqdorda mablag‘ ajratilinib, ushbu mablag‘ hisobidan o‘z okrugidagi muammolarni bartaraf etishga sarflash kerakligini keltirib o‘tdi.
Ushbu sharoitlarni yaratish uchun tuman budjeti daromadlarini ikki baravar oshirish maqsadga muvofiq, shu boisdan, 2026-yilning 1-yanvardan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumning Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda 20 foizi qoldirilib, bu mablag‘larning yarmi tumanlar budjetiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, ushbu murojaatnomada urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlarni boshlanishi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, shaharlar tartibsiz kengayishini oldini olish bo‘yicha aniq mezonlar belgilab olinishini va shu orqali ekin maydonlari asossiz qisqarib ketishiga chek qo‘yilishini ta’kidladi.
Jo‘rayeva Husnora,
Xalqaro huquq va inson huquqlari sho‘basi o‘qituvchisi