Prezident: Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi

    Hukumat 1 Sentabr 2022 15945

    “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida davlatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram shodiyonasi bo‘lib o‘tdi.

    Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bu ulug‘ ayyom bilan tabrikladi.

    – Bundan o‘ttiz bir yil muqaddam jahon xaritasida “O‘zbekiston Respublikasi” degan yangi, mustaqil davlat paydo bo‘ldi. Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshchiligida mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga e’lon qildik. Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Inshoolloh, shunday bo‘lgay. Chunki erksevar xalqimiz uchun bu bayram juda qadrli. Mustaqillikka ne-ne jafolardan so‘ng, sabr-matonat bilan erishildi. Mehnat, mashaqqatlar bilan yildan-yilga mustahkamlandi. Bugun O‘zbekistonda el aziz, inson aziz bo‘ldi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosiy talabga aylandi.

    Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy ta’sirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidan dadil olg‘a bormoqda. Sanoat tarmoqlari va hududlar rivoji ijtimoiy masalalarni hal etish imkonini bermoqda.

    Milliy qadriyatlarimizda alohida o‘rin tutadigan avlodlar o‘rtasidagi an’analar davomiyligini saqlash, keksalarning hayotini yanada mazmunli qilish e’tiborda. Yoshlar va xotin-qizlarning o‘qishi, kasb egallashi, qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Yaqinda Hindistonda bo‘lib o‘tgan jahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamiz tarixda birinchi marta Olimpiya chempioni bo‘lgani butun xalqimizni quvontirdi.

    Mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ham oshib bormoqda. Xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan hamkorlikda ulkan iqtisodiy-ijtiomiy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

    Davlatimiz rahbari tantanali marosimda ishtirok etayotgan chet davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham qutladi.

    Bugungi kunda mamlakatimiz milliy tiklanish davridan milliy yuksalish davriga o‘tmoqda. 2026-yilgacha bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimiz tabrik so‘zida davlatimizning tavsifini bunday izohladi:

    “Yangi O‘zbekiston har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan, odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud bo‘lgan, hamma uchun adolatni so‘zsiz ta’minlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lgan, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir”.

    Yurtimizda bo‘layotgan ishlarga nazar tashlansa, haqiqatda bularning ijobatini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari o‘z nutqida bundan keyingi beshta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.

    Birinchisi – ta’lim sohasida eng qulay sharoitlar yaratish. Buning uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqiladi, maktablar qurish, ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish davom ettiriladi.

    Ikkinchisi – sud tizimining mustaqilligini mustahkamlash. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

    Uchinchisi – tadbirkorlikni rivojlantirish. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar bartaraf etiladi. Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.

    To‘rtinchisi – sog‘liqni saqlash tizimida aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovi oshirilib, odamlarga yanada yaqinlashtiriladi.

    Beshinchisi – ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash. Buning uchun sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin ko‘paytiriladi. Muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dasturlar amalga oshiriladi.

    Mard va mehnatsevar xalqimiz ko‘magida bu vazifalar samarali bajarilishi, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bu yo‘lda mustahkam huquqiy asos bo‘lishi ta’kidlandi.

    – Bugun biz o‘z oldimizga ulug‘vor va yuksak maqsadlarni qo‘ymoqdamiz, – dedi Prezident. – Ana shunday ulkan marralarga yetish yo‘lida ko‘pmillatli el-yurtimiz yanada birlashib, yagona ahil oila, yagona xalq bo‘lib, astoydil harakat qilmoqda. Bu – biz erishayotgan barcha yutuqlarimizning mustahkam garovi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

    Davlatimiz rahbari islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda fidoiylik ko‘rsatayotgan xalqimizga chuqur hurmatini izhor etib, ezgu tilaklar bildirdi.

    – Siz, aziz yurtdoshlarimni O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman. Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin! Yaratganning o‘zi barchamizni panohida asrasin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin, – deya so‘zini yakunladi Prezidentimiz.

    Bayram tantanali konsert dasturi bilan davom etdi. Televideniye orqali barcha hududlarga, xonadonlarga yetib borib, yurtdoshlarimizga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.