Bu goʻzal shahar meʼmoriy obidalari bilangina emas, balki intellektual salohiyati bilan ham Markaziy Osiyoning eng koʻzga koʻringan taʼlim va maʼrifat markazlaridan hisoblanadi. Oʻn beshinchi asrda – Amir Temur saltanati asos solgan ikkinchi Renessans davrida Mirzo Ulugʻbek (1394-1449) xuddi buyuk bobosi Amir Temur kabi Samarqandga davrining yirik olimlarini toʻplab, ulardan madrasalarda mashgʻulotlarni yuqori saviyada oʻtkazishni talab etgan edi. Oʻzi ham talabalarga dars oʻtishda boshqa ustozlarga oʻrnak boʻlib, yoshlarga nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishni oʻrgatish uchun rasadxonada mashgʻulotlar oʻtkazgan edi. Davlat rahbarimiz Shavkat Mirziyoyev ham shunday qutlugʻ ilmiy-maʼrifiy anʼanalarni munosib davom ettirib, Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini isloh qilishga katta masʼuliyat bilan yondashmoqdalar. Davlat rahbarimizning haqli ravishda uqtirishlaricha, “Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, ilgʻor boshqaruv usullarini puxta oʻzlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash boʻyicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat oʻzgarishi yuz bermaydi”. Prezidentimizning shunday ezgu maqsadga qaratilgan dono siyosatlariga koʻra, Oliy taʼlim tizimi infrastrukturasini zamon talablariga, xususan, raqamli iqtisodiyot va umuman moliyaviy talablarga muvofiq tubdan rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, koʻplab oliy taʼlim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.

Oliy taʼlimdagi islohotlar xalqaro maydonda ham mamlakatimiz obroʻ-eʼtiborini yangi bosqichga olib chiqdi. QS World University Rankings EECA, yaʼni Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari reyting natijalariga Respublikamizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari reytingida oʻsishga erishganini koʻrish mumkin.

Oʻqitishning kredit-modul tizimiga oʻtilishi munosabati bilan aksariyat oliy taʼlim muassasalarida taʼlimning kredit tizimini boshqarish boʻlimi tashkil qilindi. Ushbu boʻlim faoliyati xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinda turgan oliy taʼlim muassasalari faoliyati va tajribalarini, kredit-modul tizimining ishlash mexanizmini oʻrganish, ushbu jarayon monitoringini tashkil etishga qaratilmoqda.

Yoshlarga oliy taʼlim eshiklari baralla ochib qoʻyildi. Barchaga oliy maʼlumotni kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shaklida olishga sharoit yaratildi. Taʼlim tizimiga taʼlimni boshqarish tizimlarining oʻzaro elektron integratsiyasi, maʼlumotlarning elektron bazalari, elektron hujjat almashinuvi kabilar faol tatbiq etildi. Prezidentimizning “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, oliy taʼlim bosqichida xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash ishlari jadal yoʻlga qoʻyilmoqda. Mehnat staji, ish tajribasiga ega boʻlgan fuqarolar oʻzlari ishlayotgan korxona tavsiyasi bilan suhbat asosida oliy oʻquv yurtiga kirib oʻqishmoqda. Bu borada “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar muhim dasturul amal boʻlib xizmat qilmoqda. Oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi taʼminlangani, professor-oʻqituvchilarning maoshi oʻrtacha 3,5 barobarga oshirilgani, oliy taʼlim tizimida koʻplab xorijiy oliy oʻquv yurtlari va filiallarining faoliyat olib borayotgani — soʻnggi yillardagi oliy taʼlim islohotlarining muhim natijalaridir. Xorijda taʼlim berayotgan yoki xorijda taʼlim olib Oʻzbekistonda oʻqituvchilik faoliyatini yuritayotganlarni oliy oʻquv yurtlariga jalb qilish jarayonlari davom etmoqda.

Kuni kecha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini ham oliy taʼlimni rivojlantirish sari bosilgan salmoqli odim deb hisoblash mumkin.

Ushbu qarorga koʻra, Samarqand davlat universitetiga xalqimizning ulugʻ farzandi, marhum Sharof Rashidovning nomi berildi. Sharof Rashidovning oʻtgan asrning ikkinchi yarmida yurtimizda bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishga, taʼlim-tarbiya, sanʼat va adabiyotni rivojlantirishga qoʻshgan hissasini barchamiz yaxshi bilamiz. Shunday nufuzli oliy dargohga, uchinchi renessansni amalga oshiradigan bunyodkor yoshlar ilm oladigan universitetga u kishining nomi berilishi bilan xalqimiz uzoq yillar kutgan yana bir ezgu orzu roʻyobga chiqdi. Albatta, ushbu muhim hujjatda universitet faoliyatini takomillashtirish, oʻqitishning kredit-modul tizimini joriy qilish, universitet ilmiy va oʻquv salohiyatini oshirishga qaratilgan oʻta muhim yoʻnalishlar belgilab berilganligi ham eʼtiborga loyiqdir.

Endilikda Samarqand davlat universitetida ilmiy-pedagogik kadrlar, elektronika, raqamli elektronika, robototexnika, elektrotexnika, yangi materiallar texnologiyasi kabi zamonaviy sohalar boʻyicha amaliy koʻnikmalarni egallagan kadrlar tayyorlash maqsadida yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarning amalga oshirilishi, bunda tegishli sohalarni rivojlanish istiqbollarining nazarda tutilishi, universitetda transformatsiya ofisining joriy etilishi, oliy taʼlim jarayoniga masofaviy va ilgʻor pedagogik texnologiyalarning samarali tatbiq etilishi, Muhandislik instituti talabalarining malakaviy amaliyotlari sanoat korxonalarida tashkil etilishi, ish beruvchilarning doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kengashining tashkil etilishi, umuman olganda, iqtisodiyot tarmoqlari bilan integratsiyaning amalga oshishi haqiqatan juda quvonchli hol. Qarorda, shuningdek, universitetning oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi xalqaro reytingini oshirish, bitiruvchilarning kasbiy darajasini jahon intellektual bozorida tan olinishiga erishish hamda ularning raqobatbardoshligini taʼminlash kabi ustuvor vazifalarning qoʻyilganligi ham Oʻzbekistonda oliy taʼlimni zamon talablari asosida rivojlantirishga xizmat qiladi. Unga koʻra, universitet akademik mobillikka erishish uchun har bir yoʻnalish va mutaxassislik boʻyicha xorijiy OTMlar bilan talabalar va oʻqituvchilar almashinuvini (Student, Academic and Administrative Staff Exchange) kengaytiradi.

Maʼlumki, oliy taʼlim yuksak saviyali, yuqori kompetensiyaga ega boʻlgan kadrlarni yetishtirib beruvchi muhim taʼlim bosqichi hisoblanib, Oliy taʼlimning zamon talablariga mutanosib boʻlishi mustaqil Oʻzbekistonimizning tenglar ichra teng boʻlib, bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy, ilmiy, ijtimoiy, maʼnaviy gullab-yashnashiga omil boʻladi. Uchinchi renessansning poydevorini yuqori saviyali, oʻz kasbining mahoratli egalarigina qoʻya oladilar.

Eʼtirof etish kerakki, hozirga qadar oliy taʼlimga bu qadar katta imkoniyatlar va yuksak eʼtibor berilmagan edi. Davlat rahbarimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning taʼlimda uzoq maqsadlarni nazarda tutgan dono siyosatlari tufayli Oʻzbekiston oliy taʼlim dargohlarini modernizatsiyalashga tomon juda katta qadamlar qoʻyilmoqda.

Ishonamizki, tez orada Samarqand davlat universiteti xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida avval birinchi mingtalik, soʻng esa ilk besh yuztaliklar roʻyxatiga kiradi hamda oʻzi yetishtirgan kadrlar bilan Oʻzbekiston iqtisodiyoti, sanoati va madaniyatini yanada rivojlantirishga munosib hissa qoʻshadi.

X.Ibragimov,

Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston

pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot

instituti direktori, p.f.d., professor