Davlatimiz rahbari bugungi murakkab vaziyatda barcha davlatlar ichki resurslarga tayanib, innovatsiyaga intilayotganini qayd etdi.
Mamlakatimizda ham soʻnggi yillarda ilm, taʼlim va innovatsiyaga eʼtibor tubdan oʻzgardi.
Masalan, oʻtgan toʻrt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 2,2 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shundan muhandislik-texnika yoʻnalishidagi 176 ta loyihaga 152 milliard soʻm berilgan.
Tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar oʻsgan. Bu mablagʻlarning 41 foizi davlat ulushi bor korxonalarga, 34 foizi xususiy sektorga va 25 foizi oliygohlarga toʻgʻri kelgan.
Shu bilan birga, oliygohlar fundamental tadqiqotlar oʻtkazish bilan cheklangani, iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kamligi koʻrsatib oʻtildi.
Muhandislik yoʻnalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar amalga oshmay qolib ketayotgani qayd etildi.
Sababi – oliygoh bilan sanoat oʻrtasida uzilish bor. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmayotgani, uskuna va dastgohlarni oʻrganmayotgani, hokim va vazirlar esa oʻrtada koʻprik boʻlib, buni tashkillashtirmayotgani haqida qatʼiy eʼtiroz bildirildi.