Prezident: uzumchilik – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, gʻururi va daromad manbai

    Hukumat 7 Iyul 2021 2398

    Prezidentimiz raisligida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlash, ipakchilikni yana-da rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

    – Bugun uzumchilik sohasidagi mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish boʻyicha, muhim vazifalarni gaplashib olishimiz zarur. Avvalo, barchamiz bir masalani yaxshi tushunib olishimiz kerak. Uzumchilik – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, gʻururi va daromad manbai hisoblanadi, qolaversa, xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlarimiz bilan bevosita bogʻlanib ketgan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Taʼkidlanganidek, oʻzbekistonlik mirishkor dehqonlar yetishtirgan husayni, toyfi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarning dovrugʻi yaqin-yiroq yurtlarda ham maʼlum.

    Keyingi yillarda uzum mahsulotlariga boʻlgan talab ortib, uzumchilik sanoati rivojlanmoqda. Shu bois, tarmoq moʻmay daromad manbaiga aylandi. Shundan kelib chiqib, soʻnggi toʻrt yilda 52 ming gektarda yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Natijada, meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 barobarga koʻpaydi.

    Bugungi kunda 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilib, bu plantatsiyalarda 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligi taʼminlangan.

    Davlatimiz rahbari asosiy mahalla odamlarning ish haqini koʻpaytirish ekanini aytib, shu maqsadda 44 ta tumanni uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha eksperiment sifatida tanlab olinganini maʼlum qildi.

    Yigʻilishda jahon bozorida xoʻraki uzumga talab ortib borayotgani, mayiz va tabiiy vino mahsulotlari ham xaridorgir ekani, shu bois, bugun mamlakatda uzumchilikni ilgʻor tendensiyalar asosida rivojlantirish zarurligi, bu borada amalga oshirilishi kerak boʻlgan muhim chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilinmoqda.