Koson tumanida 1-sektor rahbari bilan tashkil etilgan sayyor qabulda 80 dan ortiq murojaatlar qabul qilindi, 50 nafar fuqaroning muammosi shu yerning oʻzida hal etildi. Murojaatlarning aksariyati bandlik, uy joy, tibbiy yordam, yoʻl qurilishi, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, kredit olish bilan bogʻliq masalalardir.

Koson tumanidagi «Quybogʻ» mahallasida istiqomat qiluvchi Nilufar Yoʻldosheva tadbirkorlik qilish istagi borligini aytib, chorvachilikni yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kredit olishda yordam berishlarini iltimos qildi. Uning muammosi tez kunlarda hal qilib beriladigan boʻldi.

“Regzor” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Nargiza Bekmurodovaning 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Sayyor qabulga kelib, tikuvchilik qilish niyati borligini, ammo tikuv mashinasi olishga qurblari yetmayotganligini aytib, koʻmak soʻradi. Unga tikuv mashinasi sovgʻa qilindi.

Shu bilan birga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 30 million soʻm imtiyozli kredit ham beriladigan boʻldi. Shu kuni “Ayollar daftari”dan oʻrin olgan yana 10 nafar xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalari topshirildi.

Furqat Toʻxtayev “Bunyodkor” mahallasida yashaydi. Mavsumiy ishlarda ishlab yurgan bu yigit sayyor qabulga kelib, dehqonchilik qilish istagi borligini bildirdi va yer soʻradi. Unga “Guvalak” hududidan 1 gektar yer ajratib beriladigan boʻldi. Gap shundaki, ushbu hududda foydalanilmay yotgan yer maydonida intensiv bogʻ tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni paytda 52 ta artezian quduq qazilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Sayyor qabul davomida ish soʻrab murojaat qilgan, “Yoshlar daftari”dan oʻrin olgan yana 9 nafar yigit-qizga 1 gektardan yer ajratilgani haqidagi sertifikatlar topshirildi.

“Doʻstlik” mahallasidan Shavkat Abdinazarov koʻpning dardini aytish uchun sayyor qabulga tashrif buyurdi. Maʼlum boʻlishicha, mahallada 2 500 dan ortiq aholi istiqomat qiladi, 200 ga yaqin oila yangi uy-joy qurib, massivga koʻchib chiqishgan. Oʻzlari qoʻlbola usulda simyogʻochlar oʻrnatib, elektr simlari ham tortib olishgan.

Bu esa elektr taʼminotida muammolarni keltirib chiqardi. Ana shu masalalar sayyor qabulda oʻrtaga tashlandi. Tuman elektr korxonasi tomonidan mahallaga yana qoʻshimcha 160 kilovatli yangi transformator oʻrnatib berildi. Yogʻoch ustunlar oʻrniga temir ustunlar almashtirish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari 850 metrlik zamonaviy kabel tarmogʻi ham tortilmoqda.

“Doʻstlik” mahallasida yashovchi Mahbuba Moʻminovaning ham shu kuni tashvishlari ancha yengillashdi.

Taqdirning achchiq qismati tufayli yon qoʻshnisining 6 nafar farzand bir kunda ham onadan, ham otadan ajralib qoldi. Ularni oʻz bagʻriga olgan ayol 2 yildan buyon oʻzining 2 farzandi bilan birga oq yuvib, oq tarab kelmoqda. Ammo roʻzgʻor tebratish borasida biroz qiyinchilikka uchrayotganligi sababli yordam soʻrab sayyor qabulga keldi. Shu kunning oʻzida unga 30 million soʻm yordam puli berildi. Bundan tashqari, homiylar tomonidan bolalarga kiyim- kechaklar, oʻquv qurollari olib berildi. Qarshi shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy manzillari boʻylab sayohat ham uyushtirildi.

Tumanning “Obod turmush” mahallasida istiqomat qiluvchi Kamol Joʻrayev taqdir sinovlariga yengilmay kurashib kelayotganlarning biri. Garchi 2-guruh nogironi boʻlsada, roʻzgʻorini boqish, 4 nafar farzandini bekamu koʻst qilib voyaga yetkazish uchun harakat qiladi. Tuman Xalq qabulxonasi va sektor rahbarlarining koʻmagi bilan “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida 30 million soʻm kredit olib, tomorqasidagi 5 sotix yerga issiqxona qurdi. Bu yerga limon, pomidor, bodring koʻchatlarini ekishni rejalashtiryapti.

Koson tumanidagi “Ayronchi” mahallasi tuman markazidan 20 km uzoqlikda joylashgan. Shu vaqtgacha oʻquvchilar 1932-yilda loy paxsadan qurilgan maktabda taʼlim tarbiya olib kelishgan. Avvalgi qabullarda mahalla faollari va ota onalar avariya holatiga kelib qolgan maktabni taʼmirlab berishlarini soʻrab murojaat qilishgan edi.

Bu muammoga ham ijobiy yechim topildi. 2020-yilda 3 qavatli 300 oʻrinli yangi maktab qurilishi tuman hokimligi tomonidan investitsiya dasturiga kiritildi. Qisqa muddatda yangi zamonaviy, barcha shart sharoitlarga ega maktab barpo qilindi. Bilim dargohi zamonaviy oʻquv jihozlari bilan ham taʼminlandi.

Ushbu mahallada 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bogʻcha yoshidagi bolalar soni esa 500 nafardan ortiq. Ammo hududda bor-yoʻgʻi bitta maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlib, u ham 90 yillarda qurilgan, moslashtirilgan binoda faoliyat olib borgan. Aholining xalq qabulxonasiga murojaatidan soʻng, yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti qurish mahalliy dasturga kiritilib, 3 milliard 400 million soʻm evaziga 125 oʻrinli zamonaviy bogʻcha qurilib, ishga tushirildi.

“Esaboy” mahallasi tuman markazidan 12 km uzoqlikda joylashgan. Hududdagi 1997-yilda qurilgan qishloq vrachlik punkti 3 ta mahalla, 6 ta qishloqning 10 mingdan ortiq aholisiga xizmat koʻrsatgan. Yillar oʻtib bino nochor ahvolga kelib qolganligi tufayli, tibbiyot xodimlari qoʻshni mahalla fuqarolar yigʻini binosining 3 ta xonasida faoliyat yuritishga majbur boʻlishdi. Bugun investitsiya dasturiga asosan ajratilgan 586 million soʻm evaziga eski bino qayta rekonstruksiya qilindi. Ayni paytda soʻnggi pardozlash ishlari amalga oshirilyapti. Ushbu zamonaviy oilaviy shifokorlik punktida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha shart sharoit va qulayliklar yaratilmoqda.

Bu xayrli ishlar aholi salomatligini mustahkamlash, maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimini tubdan yaxshilash, aholining turmush farovonligini oshirish singari Prezident murojaatnomasidagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashga xizmat qilishi bilan yana-da ahamiyatlidir.