Prezident: xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi

    Hukumat 6 May 2021 32818

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-may kuni chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Mamlakatimizda har yili ilm-fanning bir nechta yo‘nalishi tanlab olinib, alohida e’tibor bilan rivojlantirilmoqda. Bu yil fizika va chet tillari ana shunday ustuvor sohalar etib belgilangan.

    O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani, barcha sohalarda xalqaro hamkorlik kengayayotgani xorijiy tillarni bilishga ehtiyojni oshirmoqda.

    Bugungi kunda yurtimizdagi 25 ta oliy ta’lim muassasasida o‘qitish chet tilida olib borilmoqda. 2016-yilda ular atigi 7 ta edi. Xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o‘quvchilar soni oxirgi 3 yilda 10 baravarga oshgan.

    Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 350 nafar talabaning nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qishi uchun stipendiyalar ajratildi. Bu o‘tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko‘pdir.

    Lekin, joylardagi ahvol maqsad qilingan katta rejalarga mos emas. Xususan, ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchisi lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda. 1 ming 400 ta maktabda chet tilini o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz. Bu tizimdagi o‘qituvchilarning atigi 4 foizi milliy va xalqaro til sertifikatiga ega. Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To‘rtko‘l, Sherobod va Uzun tumanlarida bunday sertifikatli birorta o‘qituvchi yo‘q. Maktablardagi chet tili o‘qituvchilarining 49 foizi testdan o‘ta olmagan.

    Yig‘ilishda tizimdagi muammolar atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi.

    – Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilindi.

    Bu Agentlik dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini ta’lim tizimida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi. Ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini o‘rgatishni tashkillashtiradi.

    Shuningdek, vazirlik, idora va boshqa ish beruvchilar bilan birga, xizmatchilarning kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda to‘liq amalga oshirish imkoniyatini beradigan metodikalarni ishlab chiqib, sharoitga moslagan holda, amaliyotga joriy etadi.

    Davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalarini yaratish ham uning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

    Agentlik xorijiy tillarni bilish reytingini ham yuritadi. Chet tili o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda malaka toifalarini beradi.

    Bir so‘z bilan aytganda, Agentlik “bog‘cha – maktab – oliy ta’lim – korxona” zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos bo‘lgan metodika, tavsiya va darsliklarni ishlab chiqadi hamda joriy etadi.

    Toshkent davlat jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo‘yicha tayanch muassasa sifatida belgilanadi.

    Davlatimiz rahbari o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish, malakasiga qarab ularni rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.

    Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta darajasini olgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga 40 foiz, yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama berilishi belgilandi.

    Bundan tashqari, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab beriladi. Kelgusi yildan boshlab, ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi.

    Keyingi uch yil davomida maktablardagi 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining barchasi xalqaro sertifikat olishi zarurligi ta’kidlandi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, maktablardagi vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.

    Chet tillarini chuqur o‘rgatish maqsadida tuman va shaharlarda 207 ta maktab tanlab olindi. Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

    Viloyat hokimliklariga maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun mahalliy byudjetdan har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratishga ko‘rsatma berildi.

    Ixtisoslashgan maktablar va oliy o‘quv yurtlariga til egasi bo‘lgan xorijlik o‘qituvchilarni jalb qilish, har bir tumanda tanlov o‘tkazib, chet tili o‘qituvchilarini xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish muhimligi aytildi.

    Davlatimiz rahbari chet tillari bo‘yicha eng yaxshi maktablarni aniqlash uchun Prezident sovrinini ta’sis etish taklifini bildirdi.

    Bunda tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida tanlov o‘tkaziladi. Tuman va shahar bosqichida 1-o‘rinni olgan maktablar 100 million so‘mdan, viloyat bosqichi g‘oliblari 250 million so‘mdan, mamlakatimiz miqyosidagi eng yaxshi maktab esa 500 million so‘m miqdorida mukofotlanadi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari ham mos ravishda rag‘batlantiriladi. Ushbu maktablarning direktor va o‘qituvchilari davlat mukofotlariga tavsiya etiladi.

    O‘qitish sifati xalqaro andozalarga mos darslik va metodik qo‘llanmalarga ham bog‘liq. Shu bois, ingliz tili bo‘yicha Kembrij universiteti nashriyoti darsliklarini 200 ta maktabda aprobatsiyadan o‘tkazib, keyingi yildan barcha maktablarda tatbiq etish vazifasi qo‘yildi. Bunday ishlar rus, nemis, koreys, xitoy va fransuz tillari bo‘yicha ham tashkil etiladi.

    Sohadagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib borishlari, yangi adabiyot va qo‘llanmalar sotib olishlari uchun har bir chet tili o‘qituvchisiga byudjetdan 1 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilandi.

    Maktabgacha ta’lim vazirligiga YuNISEF bilan hamkorlikda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga chet tillarini o‘qitish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqib, joriy etish vazifasi qo‘yildi.

    Yig‘ilishda oliy ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

    Bugungi kunda oliygohlardagi 78 foiz professor-o‘qituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz ahvolda ekani ko‘rsatib o‘tildi.

    Yangi o‘quv yilidan boshlab, chet tillari bo‘yicha qabul kvotalari soni 2 baravar ko‘paytirilib, 16 mingtaga yetkazilishi, davlat granti esa 3 baravarga oshirilishi ta’kidlandi.

    Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab, magistratura va doktoranturaga kiruvchilar uchun chet tili bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi. Oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda o‘qitish bosqichma-bosqich joriy etiladi. Tabiiy va texnik fanlar bo‘yicha xorijiy darslik va qo‘llanmalardan erkin foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

    Chet tilini o‘qitishning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy doktoranturada ta’lim olish uchun yiliga 20 ta o‘rin ajratiladi.

    Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransuz alyansi, KOIKA, JAYKA, Konfutsiy instituti kabi xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, nodavlat o‘quv markazlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

    Har bir vazirlik, idora, davlat kompaniyalari va yirik xususiy korxonalarda til o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash, haftaning bir kunini belgilab, xorijiy tillarni o‘rganish uchun sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi.

    Til o‘rgatuvchi videodarslar, film va ko‘rsatuvlar yaratish, elektron dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

    Videoselektor yig‘ilishida mutasaddi rahbarlar va o‘qituvchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.