Tadbirda davlatimiz rahbari ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Mukofotlanganlar yuksak ishonch va e’tibor, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, o‘qish va intilishda faol davom etishi, yanada katta natijalarga erishib, davlatimiz ishonchini oqlashini ta’kidladilar.

- Bilimli yoshlar - kelajak poydevori. Bugungi harakatlaringiz bilan o‘z kelajagingizga asos solyapsizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari forumga yig‘ilgan yigit-qizlar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, ular bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

- Yoshlarga berayotgan e’tiborimiz natijalar berayotganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bugun hech bir soha yo‘qki, yoshlar muvaffaqiyatga erishmayotgan bo‘lsa. Yoshlarning yo‘lini ochib bersak, ularga yelkadosh bo‘lsak, yanada ulkan natijalarga erishamiz. Mening eng katta ishongan kuchim, davlatimizning eng katta boyligi - bu yoshlar, - dedi Prezident.

Tadbir katta konsert dasturi bilan yakunlandi.