Joriy yilda Respublikada ekiladigan urugʻlik kartoshkalarni buyurtmachilarning arizalariga asosan, mahalliy tayyorlangan va xorijdan keltirilgan urugʻlik kartoshkalarning ekinboplik sifat koʻrsatkichlari boʻyicha “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” DUK tomonidan tahlil qilinib sertifikatlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, joriy yilda mahalliy urugʻlik kartoshkalaridan 4,1 ming tonna hamda xorijiy davlatlardan import qilingan 8,9 ming tonna jami 13 ming tonna urugʻlik kartoshkalarga ekinboplik sifat koʻrsatkichlari boʻyicha sertifikatlashtirildi.

Xorijdan import qilingan urugʻlik kartoshkalarning 2,0 ming tonnasi ekinboplik sifat koʻrsatkichlari boʻyicha nomuvofiq deb topilib, tegishli tartibda nomuvofiqlikligi boʻyicha sinov bayonnomalari rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʻchiligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4704-sonli qarori ijrosi tahlil qilinganda, Respublika boʻyicha jami 2,6 ming gektar maydonda urugʻlik uchun kartoshka ekilgan boʻlib, shundan, 829 gektar maydonda Elita va 1,7 ming gektar maydonda R1 urugʻligini tashkil etadi.

Ushbu ekilgan maydonlarda jami 31,7 ming tonna urugʻlik kartoshkalar olinishi rejalashtirilib, shundan 7,6 ming tonnasi Elita va 24 ming tonnasi R1 avlodiga mansub urugʻliklar hisoblanadi.

Shuningdek, PQ-4704-son Qarorda kartoshka urugʻligi yetishtirish ixtisoslashtirilgan viloyatlarning tumanlari tahlil qilinganda Jizzax viloyatida atigi 5 gektar maydonda urugʻlik uchun kartoshka ekilgan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida barcha imkoniyatlar mavjud boʻlsada, umuman urugʻlik uchun kartoshka maydonlari ajratilmagani hamda ekilmagani aniqlandi.