XXRning qator kompaniyalari vakillaridan iborat mazkur delegatsiyaning asosiy maqsadi mamlakatimizda energetika, togʻ-kon sanoati, savdo markazlarini ochish, moliyaviy va boshqa sohalarga investitsiyalar kiritishga qaratilgan.
Uchrashuvda Xitoyning investitsiya va biznes delegatsiyasi tarkibida – Zhejiang Shenke Xolding Group va Zhejiang Jinlun Mechanical and Electrical Industrial Co., Ltd. kompaniyalari Prezidenti Xe Szyandun, Ovo Investment Fund Management Co., Ltd. kompaniyasi Bosh direktori Syu Xan, Xinge Securities Investment Co., Ltd., Sichuan Weitai Communication Equipment Co., Ltd. hamda Shanghai Jingxing Private Equity Fund Management Co., Ltd. kompaniyalarining rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov xitoylik investorlarga 2024-yil 12-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan PQ-252-son qarori bilan mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirish boʻyicha 5-yillik dastur tasdiqlanganligi, mazkur dastur doirasida 2028-yilga qadar umumiy quvvati 3,3 GVt boʻlgan GESlar va GTESlar qurilishi rejalashtirilganligi, bu orqali joriy quvvatlar 2,2 GVt dan 5,5 GVt ga oshirilib, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 15,7 mlrd. kVt.soatgacha yetkazilishi, ushbu loyihalarga qariyb 6,5 mlrd. dollar miqdorida investitsiyalarni jalb etilishi rejalashtirilganligi boʻyicha maʼlumotlar berib oʻtdi.
Uchrashuv davomida Boshqaruv raisi A. Sanginov Dastur orqali tasdiqlangan “Gidroenergetika sohasida xususiy investorlar ishtirokida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari” roʻyxatiga kiritilgan GES va GTES investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirishni taklif etdi. Jumladan, umumiy quvvati 1,3 GVt, qiymati 1,8 mlrd. dollarga baholanayotgan Karateren va Aydarkoʻl GTESlari, Qorongitoʻgʻay, Oygain GESlar kaskadi, Kishtut va Mizot GESlari boʻyicha investorlarga taqdimot oʻtkazildi.
Oʻz navbatida, xitoylik investorlar koʻp vaqtdan buyon Oʻzbekistonga investitsiya kiritishga qiziqishayotganligi, jumladan gidroenergetika sohasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ushbu sohaga ham sarmoya kiritish masalalarini oʻrganib chiqishayotganligi, shuning uchun respublika investitsiya bozorini oʻrganib, investitsiyalarni himoyalanganligi va boshqa omillarni chuqur tahlil qilinayotganini aytib oʻtishdi.
Zhejiang Shenke Holding Group kompaniyasi Prezidenti Xe Szyandun va Ovo Investment Fund Management Co., Ltd. kompaniyasi Bosh direktori Syu Xan kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Nukus shahrida tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan navbatdagi ochiq muloqotini diqqat bilan kuzatishganligini, Muloqotda tadbirkorlik uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish masalasida qator yangiliklar aytilganligi, tadbirkorlar koʻtargan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qoʻllab-quvvatlanganligi, Prezidentning nutqi iqtisodiyotni rivojlantirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga strategik yondashuvini taʼkidlaydigan asosiy mavzularga aniq tuzilish va eʼtiborni namoyish etganligi – biz kabi investorlarni ruhlantirdi va bu imkoniyatdan foydalanib, Oʻzbekistonga investitsiya kiritishga yakuniy qaror qildik, deb taʼkidlab oʻtishdi.
Suhbat yakunida quvvati 500 MVt teng boʻlgan Karateren GTES, umumiy quvvati 45 MVtga teng boʻlgan Kishtut va Mizot GESlari hamda mikroGES loyihalarini davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshirishga kelishib olindi va investorlarga yuqoridagi loyihalar boʻyicha birlamchi loyiha hujjatlari taqdim etildi. Joriy yilning oktyabr oyida “Loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish” bitimini (JDA) imzolashga kelishib olindi.
Avazbek Zokirov,
Xorijiy investitsiyalar bosh boshqarmasi boshligʻi
Reklama