Prokuratura tergovchisi jinoyat ishini hal qilib berish uchun 40 ming dollar pora olib, qochib ketdi

    Toshkent shahri Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi pora olib, qochib ketdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda fuqaro I.X.ning arizasi asosida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Muallif arizasida Toshkent shahar Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi Sh.Sh. tomonidan “B.H.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan boʻlgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilish uchun pul mablagʻlari talab qilganini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

    Ushbu ariza asosida joriy yilning 7-oktyabr kuni oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Sh.Sh. ariza muallifidan kelishilgan 40 ming AQSH dollarini olib, jinoiy taʼqibdan qutulish maqsadida nomaʼlum tomonga yashiringan (40 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan).

    Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Sh.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a« bandi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Ayblanuvchiga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi.

    Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.