Surxondaryo viloyati Termiz tumanida yashovchi 22 yoshli A.R. murojaat qilib, oʻz arizasida “Telegram” messenjerida nomaʼlum shaxs tomonidan 1 million 300 ming soʻm miqdoridagi pullari firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganini maʼlum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Jizzax viloyati Jizzax shahrida yashovchi 19 yoshli I.I. sodir etganligi aniqlandi.

Unga koʻra, I.I., A.R. bilan “Telegram” messenjerida tanishib, unga “PUBG” onlayn oʻyinining kuchaytirilgan akkauntini sotishini aytgan va oldindan plastik kartasiga 1 million 300 ming soʻm oʻtkazib olib, kelishilgan akkauntni bermasdan, yozishmalarni oʻchirib yuborgan va uni qora roʻyxatga kiritib qoʻygan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, I.I.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.