Qaddimiz va qadrimiz timsoli

    O'n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig'adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga joylashgan bo'lib, yuqori qatorda uchta, o'rta qatorda to'rtta va quyi qatorda beshta. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

    Har bir millatning tarixi, orzu istaklari, madaniyati, ma'naviyati va dunyoqarashini o'zida aks ettiradigan timsollari bo'ladi. Shulardan biri — davlat bayrog'i.

    Davlatimiz suvereniteti ramzlaridan biri — mustaqil O'zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog'i to'g'risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 30 yil to'lmoqda. O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog'i yer yuzida mustaqil O'zbekiston davlati borligini anglatadi va o'zida milliy-madaniy an'analarimizni mujassamlashtirdi.

    O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i — bayroqning butun uzunligi bo'ylab o'tgan to'q moviy rang, oq rang va to'q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to'g'ri to'rtburchak shaklidagi matodir.

    O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga teng. O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ining o'rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o'tkazilgan.

    O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o'n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.

    Oq rangli yangi oy va o'n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o'rtasidan 70x30 santimetrga teng to'g'ri to'rtburchakka sig'adigan qilib joylashtirilgan.

    Oq rangli yangi oy vertikal holatda do'ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo'lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig'adi.

    O'n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig'adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. YUlduzlar uzunasiga va tikkasiga joylashgan bo'lib, yuqori qatorda uchta, o'rta qatorda to'rtta va quyi qatorda beshta. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

    Bayrog'imiz o'zida butun O'zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g'ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo'stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog'imizning davlat idora va muassasalari, o'quv yurtlari, O'zbekiston a'zo bo'lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma'rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha'ni, xalqimizning g'ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.

    Mustaqil davlatimiz bayrog'i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug' kelajagimizga bo'lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.

    Bugungi kunda biz katta avlod oldida turgan eng muhim vazifalardan biri milliy qadriyatlarimiz asosi bo'lgan davlat ramzlarini ahamiyatini yosh avlodga singdirish va ular ongida bu kabi muqaddas timsollarga nisbatan hurmat tushunchalarini shakllantirishdan iborat bo'lishi lozim.

    Bayrog'imizning balandlarda hilpirashi yurtimiz nufuzining yanada yuksalayotganidan dalolat beradi. SHunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e'zozlaylik va boshimiz uzra doim balandlarga ko'taraylik!

    Abdug'ani Sanginov,

    O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, senator.