Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar

    Beruniy yashagan X asrning oxirgi choragi XI asrning birinchi yarmi YAqin va O'rta SHarq xalqlarining madaniy va siyosiy hayotidagi muhim bir davr edi.

    Mamlakatimizda, ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan tarixiy merosni tiklash, saqlash, oʻrganish va kelajak avlodning maʼnaviy mulkiga aylantirish bugungi kunda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

    Eng ulugʻ, eng aziz ayyom, istiqlol bayrami arafasida mustaqilligimizning muborak 30 yilligiga toʻyona sifatida, “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 5000 nusxada chop etilgan, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari ham qaror ijrosi doirasidagi vazifalarning ijrosi hisoblanadi.

    Taniqli olim tarix fanlari doktori, professor Ashraf Ahmedov tomonidan nashrga tayyorlagan. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari, istiqlolimizning shonli 30 yilligiga munosib sovgʻa boʻldi.

    — Beruniyning yangi chop etilgan, mazkur asari, yurtimiz mustaqilligining 30 yilligiga nashriyotimiz tomonidan tayyorlangan toʻyona boʻldi, – deydi “Oʻzbekiston” NMIU direktori T.Muxamadiyev. – Kitobxonlarimizga maʼlumki, Respublikamizning barcha tuman va viloyatlarida Axborot kutubxona resurs markazlari, umumtaʼlim maktablari va Oliy oʻquv yurtlari kutubxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Ular oʻzlarining koʻp ming sonli oʻquvchilariga ega. Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida barcha Axborot kutubxona resurs markazlari va taʼlim maskanlari korxonamiz bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻysa va nashr etilgan kitoblarimizdan bahramand boʻlishga chorlab qolamiz.

    Jannatmakon ona diyorimizni tom maʼnoda buyuk allomalar yurti deya eʼtirof etilishi ham bejiz emas. Abu Rayhon Beruniy esa ana shunday buyuk allomalardan biri, jahon tan olgan qomusiy olim sanaladi.

    Beruniy yashagan X asrning oxirgi choragi XI asrning birinchi yarmi Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlarining madaniy va siyosiy hayotidagi muhim bir davr edi. U IX asr oxiridan boshlanib, deyarli to XIII asr boshlarigacha davom etgan boʻlib, bir vaqtlar arab xalifaligi tarkibiga kirgan mamlakatlarda yuksak madaniy taraqqiyot va katta siyosiy oʻzgarishlar yuz bergan. Bu taraqqiyot va oʻzgarishlar shu qadar keskin hamda olamshumul ediki, uni, hatto islomning ilk asrlardagi rivojlanishi bilan ham solishtirib boʻlmas edi. XIX asrda yashagan shveysariyalik sharqshunos va tarixchi Adam Mes bu davrni har tomonlama tahlil qilib, Musulmon Renessansi davri deb atadi. Beruniy ana shu Musulmon Renessansining faol qatnashchilaridan va uni shakllantiruvchilaridan biri edi.

    “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobining ayni istiqlolning oʻttiz yilligi arafasida nashr etilishi olamshumul voqelik boʻldi. – Abu Rayhon Beruniyning (973–1048) “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” («Osor al-boqiya») asari arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan boʻlib, «Osor al-boqiya»da izohlar yangidan ishlanib, koʻrib chiqilib, oʻrganilib, ularda tarixiy masalalar, aniq fanlarga oid muammolar keng yoritildi. Kitobda, qadimgi xalqlarning, xususan vatanimiz hududidagi sugʻdlar, xorazmliklar va undan tashqari musulmonlar, xristianlar, yahudiylarning bayramlari, urf-odatlari, turli mamlakatlarda hukm surgan podshohlar, imperatorlar sulolalari haqida qimmatli maʼlumotlar keltirilgan.

    Maʼlumki, qadimiy madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlgan yurtimiz zaminidan, oʻrta asrlarda minglab olimu ulamolar, buyuk mutafakkir va shoirlar, aziz-avliyolar yetishib chiqqan. Ularning aniq fanlar va diniy ilmlar sohasida qoldirgan bebaho merosi, butun insoniyatning maʼnaviy mulki hisoblanadi.

    Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizning kitob fondlaridagi qoʻlyozma asarlar hali toʻliq oʻrganilmagan, ular olimlar va oʻz oʻquvchilarini kutib turibdi. Ushbu yangi asarda esa, bugungi davr oʻrtaga qoʻyayotgan juda koʻp dolzarb muammolarga yetarlicha javob topish mumkin.

    Biz diniy jaholatga, zararli oqimlarga qarshi maʼrifat bilan kurashish lozimligi haqida koʻp gapiramiz. Bu haq gaplar. Lekin, maʼrifat, maʼrifiy bilimlar asosan, ulugʻ ajdodlarimiz bizga qoldirib ketgan mana shunday noyob va moʻtabar kitoblarda emasmi?

    Har qanday yangi asar insonlarni ezgulikka chorlaydi, yaxshilikka undaydi. Qalbida esa, eng goʻzal tuygʻularni uygʻotib, yanada yaxshiroq yashashga ragʻbat uygʻotadi. Buyuk bobomiz, Beruniyning chop etilgan “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobi ham, insonlar aqlu-shuuriga, nur boʻlib taralishi, ertamizning davomchilari boʻlmish, istiqboli porloq yoshlarga esa maʼnaviyat sarchashmasi boʻlib inʼom etilishi shubhasizdir.

    Gulchehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.