Qadimiy Oksford universitetida Oʻzbek tili markazi ochildi

    Madaniyat 26 Dekabr 2023 692

    Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi dunyoning eng qadimiy taʼlim va tadqiqot muassasalaridan biri Oksford universiteti rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida Oksford universiteti bilan Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida akademik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Britaniya universiteti qoshidagi “Wolfson College” dasturlari asosida taʼlim va ixtisoslashtirilgan yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

    “Wolfson College” prezidenti Mark Xitchins Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taʼlim, fan va kadrlar tayyorlash sohasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi. “Tarix, arxeologiya, taʼlim, tibbiyot, fizika, matematika, muhandislik kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Biz Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi bilan kvant fizikasi sohasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz”, - dedi u.

    Oksford universiteti qoshidagi “Birsoʻz” markazi direktori Leyla Najafzoda bilan kechgan muloqot chogʻida mazkur taʼlim muassasasida oʻzbek tilini oʻqitish loyihasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Oʻzbek tili boʻyicha darslar 2024-yil yanvar oyida 15 nafarga yaqin talaba ishtirokida boshlanadi.

    Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan Markazning ilmiy bazasini boyitish maqsadida oʻzbek tilidagi zarur adabiyotlar va oʻquv materiallari yetkazib beriladi.

    Oksford universiteti qoshidagi “Wolfson College” 1965-yilda tashkil topgan. Kollej universitetning yetakchi 3 ta oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda dunyoning turli burchaklaridan kelgan 700 dan ortiq talaba gumanitar, tabiiy va ijtimoiy fanlar boʻyicha tahsil oladi. Kollej bitiruvchilari orasida 3 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari bor.