“Qadring baland boʻlsin, ona tilim

    Yurtimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va ahamiyatini yanada oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasi, shubhasiz, milliy oʻzligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorugʻ kelajagimizni taʼminlashning eng muhim omilidir.

    Shu yilning 17-oktyabr kuni “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” filialida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida tantanali bayram tadbiri tashkil qilindi.

    Bayramona tadbir Jamiyat tizim korxona va tashkilotlarini toʻla qamragan holda, videokonferensaloqa shaklida tashkil qilindi.

    Tadbirni Boshqaruv raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha maslahatchisi Surayyo Poʻlatova hamda Qodiriya GESlar kaskadi” filiali direktori Alisher Tadjibayevlar tantanali nutq bilan ochib berdilar hamda barcha ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan Jamiyat Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov hamda oʻzlarining nomidan samimiy qutladilar.

    Tadbirga mehmon sifatida tashrif buyurgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining eng faol aʼzolari – falsafa fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Jamila Shermuhammedova hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Farogʻat Xudoyqulovalar tomonidan ona tilining jozibasi, yosh avlod tarbiyasidagi oʻrni, keng va muhim ahamiyati, asrlar silsilasida turli evrilishlar bilan sayqallanib kelayotganligi, millat oʻzligini anglashda, xalqning maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan yanada yuksalishida muhim oʻringa ega ekanligi borasida alohida toʻxtalib oʻtdilar hamda tadbir ishtirokchilarini yaqinlashib kelayotgan “Oʻzbek tili bayrami” kuni bilan tabrikladilar. Shoira Farogʻat Xudoyqulova tomonidan tadbir mazmuniga monand sheʼrlar oʻqib eshittirildi.

    Tantanali tadbirda Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan 7-sonli maktabning adabiyot va sanʼatga oshno bir guruh iqtidorli oʻquvchilari oʻzlarining ona tiliga bagʻishlangan badiiy chiqishlari bilan ishtirok etdilar.

    Tadbirning yakuniy qismida “Oʻzbekgidroenergo” AJning 2024-yil 25-sentyabrdagi 102-sonli buyrugʻi hamda “21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni” munosabati bilan Jamiyat va tizim korxona-tashkilotlari ishchi-xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan Insholar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” mavzusida oʻtkazilgan insholar tanlovi Hakamlar hayʼati aʼzosi Feruza Azimova tomonidan tanlovning asosiy maqsadi, Nizomi va talablari haqida qisqacha axborot berildi, faol ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirildi hamda har tomonlama tahliliy oʻrganishlarga koʻra yakuniy gʻoliblar uchligi eʼlon qilindi.

    Gʻoliblarga Jamiyatning faxriy yorliqlari, badiiy asarlar toʻplami hamda qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

    Tadbirda ishtirok etgan qadrli mehmonlarga Jamiyat Boshqaruvi raisining tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari taqdim qilindi.


    Hamkorlik materiali