Ammo oramizda shunday insonlar borki, imkoniyati cheklanganiga qaramay, qismatning nogoh tushgan ogʻir yukidan sinmaydi. Shukrni shior qilib, irodasini toshdek mustahkamlab, koʻpchilikka ibrat boʻlib yashay oladi.

Ezgulikka toʻla qalbi, sabri, tinimsiz intilishi va mehnati bilan namuna boʻlib yashayotgan bunday insonlarni haqiqiy jasorat sohiblari degimiz keladi.

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Mallaishayx mahallasida yashovchi 30 yoshli Shamshoda Hamdamova ana shunday matonat egalaridan. Olamni koʻrish baxtidan erta mosuvo boʻlgan esa-da, qalb koʻzi bilan dunyo­ni teran anglaydi. Bugun ijod mahsuli, izlanishlari orqali juda koʻp yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Hayotda erishgan muvaffaqiyatlarini sanasak, barmoqlar yetmaydi.

— Men hech qachon nogironman, ojizman degan fikrni ongimga singdirmaganman. Ota-onamning mehrga toʻla nigohini, akam va singlimning samimiy tabassumini oʻz koʻzlarim bilan koʻrib, voyaga yetdim, — dey­di Shamshoda Hamdamova. — Ustozlarimning nurli chehrasiga boqib, taʼlim oldim. Tengdoshlarim bilan qoʻl ushlashib, koʻchalarni changitib, quvnoq bolaligimni oʻtkazdim. Keyinchalik koʻzim xiralasha boshladi. Bu sinov meni sindirmadi, aksincha, yanada tobladi. Hayotning har bir neʼmatiga shukr qilish, bor imkoniyatdan unumli foydalanishni oʻrgandim. Qalbimdagi nurni atrofdagilarga ham ulashishga harakat qilib yashay boshladim. Yillar davomida ota-onam koʻz nurimni tiklash ilinjida bormagan shifo mas­kani, koʻrsatmagan shifokori qolmadi. Afsuski, maktabni tugatish arafasida koʻrish qobiliyatimni butunlay yoʻqotdim. Bu koʻrgilikni yengib oʻtish, hayotga shunchaki moslashish men uchun juda ogʻir boʻldi. Eng zoʻr shifokorlar muolajasini olsam-da, koʻzimga nur qaytmadi. Yaqinlarim qoʻlimdan ushlab, poytaxtdagi tajribali professorlar qabuliga olib borganida koʻnglimda umid uchquni miltillab, tuzalib ketishimga qattiq ishonardim. Keyin esa eshik ortida turib eshitganim — ularning “Foydasi yoʻq, qizingizning koʻzi endi butunlay koʻrmaydi” deganlari koʻksimga nashtarday sanchilardi. Axir men ham orzulari osmon qadar baland, qalbida musaffo niyatlar mujassam qiz edim. Oʻzimga yarasha begʻubor orzularim, katta maqsadlarim va ulkan muhabbatim bor edi. Tengdoshlarim qatori hayotning goʻzalligidan bahra olish, zavqlanishga haqli edim. Ammo qismat bu neʼmatni mendan erta tortib oldi. Shunday boʻlsa-da, yigʻlab-siqtab oʻzimning ham, yaqinlarimning ham koʻnglini vayron etmaslikka qaror qildim. Bu dardni peshonamga bitilgan azaliy yozuv deb qabul qilishga intildim. Koʻzi ojiz qiz boʻlib, butun ogʻirligimni ota-onam yelkasiga tashlab qoʻyishni istamadim. Bilim olishga qattiq kirishdim, ijod olami, tafakkur gulshaniga aql-idrokim va bor iqtidorim bilan singib kirishga intila boshladim.

“Ilk ustozlarim ota-onam va bobom”

Ha, bu olamda insonga yashash uchun kuchni hech kim tuhfa qilmaydi. Har kim oʻz toleiga bitilgan holatni hayot haqiqati sifatida toʻgʻri anglay olishi kerak. Buning uchun esa iroda mustahkam boʻlishi shart. Toʻrt muchasi sogʻ boʻlmay turib dardni unutish, gʻam-gʻussani yengib, yana hamma qatori yashashga bel bogʻlash har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi.

Ana shunday ogʻir damlarda yaqinlarning beminnat mehri, cheksiz muhabbati kishiga yashash uchun kuch va umid bagʻishlaydi. Shamshoda ham ota-onasi, akasi va singlisining qoʻllovi hamda mehri bilan oʻzini mustaqil boshqarishni oʻrgandi.

Bolaligidan oshno boʻlgan kitoblarga va ijod olamiga mehri yanada ortdi. Sheʼriyatga qiziqishi bolaligidayoq uygʻongan edi. Bobosining moʻjazgina kutubxonasidagi sanoqsiz kitoblar, oila davrasidagi bahrubaytlar, sheʼrxonlik kechalari yuragiga ilk ilhom urugʻini sochgandi.

9-sinfda oʻqib yurgan kezlaridayoq “Toʻlin oy” nomli ilk kitobini nashr ettirdi. Oʻttiz yoshida oʻndan ziyod sheʼriy va nasriy kitoblar muallifi boʻldi. Ayniqsa, “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida ketma-ket ikkinchi oʻrinni egallab kelayotgani uning bilim va ijodga chanqoqligining yana bir yorqin dalilidir.

— Adabiyotga qiziqishim bolaligimda uygʻongan. Bu yoʻlda birinchi ustozlarim ota-onam va bobom boʻlgan, — deydi Shamshoda. — Talabalik yillarimda universitetning ziyo maskanida topilmagan ayrim manbalarni bobomning shaxsiy kutubxonasida mutolaa qilganman. Kasbi oʻqituvchi boʻlgan otam adabiyotdan saboq berardi. Sara asarlarni oʻqishimda kutubxonachi boʻlib ishlagan onamning taʼsiri ham beqiyos. Yoshim ulgʻaygani sari jiddiy mazmundagi adabiyot namunalari meni butunlay oʻziga rom etdi. Beshinchi sinfdan boshlab sheʼr yozishni mashq qilganman. Dastlab Buxoro davlat universitetining filologiya fakultetida, keyin esa shu universitetning magistratura bosqichida oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida tahsil oldim. Bu orada “Gapiruvchi” dasturi asosida kompyuterda ishlash koʻnikmalarini oʻzlashtirdim. Bu imkoniyat men uchun yangi bir olam eshigini ochdi va ilmu ijod yoʻlida mustaqil izlanishlar olib borishimga yaqin koʻmakchi boʻldi.

Yutuqlar sarhisobi

“Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovi Shamshodaning hayotida alohida sahifa ochdi. 2021-yilda bellashuvning respublika bosqichida faxrli ikkinchi oʻrinni egallab, 30 million soʻm mukofotni qoʻlga kiritdi. 2022-yilda ham ikkinchi oʻringa sazovor boʻlib, 50 million soʻm bilan taqdirlandi. Buni qarangki, Shamshoda 2025-yilda ham ikkinchi oʻrinni egalladi va 75 million soʻm egasi boʻldi. Yosh ijodkorlarning Zomin seminaridagi ishtiroki esa uning ijodida yangi yoʻnalish shakllanishiga turtki berdi.

Shamshoda 2024-yilda “Duel” adabiy tanlovida bolalar sheʼriyati yoʻnalishi boʻyicha gʻolib deb topilib, 50 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. 2025-yil Shamshoda uchun xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli boʻldi. U “International Online Concorso — 3rd Season” hamda Turkiyaning “Turkiya yulduzlari” xalqaro ijodiy tanlovlarida bolalar adabiyotiga oid nasriy asarlari bilan ishtirok etib, har ikkisida ham birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shuning­dek, oʻtgan yili Rossiya ilm-fan tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan xalqaro “Intellektual bilimdon” olim­piadasida jahon adabiyoti fanidan birinchi oʻrinni egalladi.

Bugun Shamshoda Buxoro shahridagi 24-koʻzi ojiz bolalar maxsus maktab-internatida faoliyat yuritib, oʻzi tashkil etgan yosh ijodkorlar toʻgaragida iqtidorli oʻquvchilarni sheʼriyat sir-sinoatlari bilan tanishtirmoqda. Iqtidorli qizning ijodi va izlanishlaridagi yutuqlarini birma-bir sarhisob qilar ekanmiz, mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosati izchil va samarali yoʻlga qoʻ­yilganiga yana bir bor amin boʻlamiz.

“Shunday mehnatkash qizim borligidan faxrlanaman”

— “Yosh kitobxon” tanloviga tayyorgarlik jarayonida Shamshoda atigi 4 soat uxlab, yigirma soat mutolaa qilardi, — deydi onasi Nazmiya Razzoqova. — Oʻqilishi ogʻir kitob­larni ham matonat bilan oʻzlashtirardi. Baʼzan qizimning qattiq charchaganini koʻrganman. Lekin uning sabri va irodasi bunga yoʻl qoʻymadi. Ona sifatida shunday mehnatkash, qanoatli qizim bilan faxrlanaman.

Shamshodaning “Koʻngil gulshani”, “Onam koʻzlarida boshlanar bahor”, “Toshkoʻylakli toshbaqa”, “Quyosh parchasi”, “Tilsimli shaxmat”, “Musaffoning tilaklar raketasi” kabi kitoblari allaqachon oʻquvchilar mehriga sazovor boʻlgan.

“My Miracle” va “Qasoskor sichqoncha” asarlari esa AQSHda ingliz tilida nashr etildi. 2024-yilda chop etilgan “Fil bola va pingvin qiz hangomalari” kitobi maxsus davlat granti asosida nashr qilindi. Asarning maxsus audio varianti tayyorlandi. Shuningdek, Brayl yozuvida ham chop etildi. Ayni paytda Shamshoda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va ada­biyoti universitetining tayanch doktoranti.

Zamondoshlarimiz orasida Shamshoda singari matonatli xotin-qizlar talaygina. Ular har bir ishdan hikmat topib yashashga intiladi. Garchi hayot sinovlari sabab imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, shukr qilib, yashash uchun oʻzida kuch va maqsad topa biladi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri