“Central Asia Distribution” MCHJning rasmiy vakili — distribyutori Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qildi. Murojaatda respublika hududida “Angel Drojji xlebopekarnыe suxie aktivnыe”, “Angel razrыxlitel testa”, “Angel Drojji xlebopekarnыe suxie instantnыe”, “Droja Baker Dream” savdo belgisi ostidagi mahsulotlarning qalbakilashtirilgan nusxalari sotilayotganini ma'lum qilib, ushbu holatga qarshi kurashishda amaliy yordam berilishi, shuningdek, kompaniya savdo shoxobchalarida qalbaki mahsulotlar sotilishining oldini olish bo'yicha zarur choralar ko'rilishini so'radi. Bu borada olib borilgan ishlar haqida agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Iste'molchilarni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish maqsadida hududlarda joylashgan bozorlar va savdo do'konlarida kontrafakt hamirturush mahsulotlarini aniqlash yuzasidan Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan 64 ta monitoring kuzatuvlari amalga oshirildi. Monitoring natijasida Agentlik tomonidan 54 ta holatda (85 foizida) savdo va xizmat ko'rsatish joylarida mahsulotlarning mavjud holatlarda uning yuridik shaxs nomi va savdo shoxobcha joyi qayd etilib, so'ng mutasaddi tashkilotlarga zarur choralarni ko'rish uchun ma'lumotnoma yuborildi.
Ta'kidlash joizki, iste'molchilar salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin bo'lgan narxi past kontrafakt mahsulotlarning sotuvi ortib borayotgani ko'plab iste'molchilarni o'ziga jalb etmoqda.
Ammo xamirturush bakteriyasining bardoshli ekanligi haqida iste'molchi hech qanday ma'lumotga ega emas. Aslida xamirturush ishlab chiqarish maxsus sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etilgan sharoitda ishlab chiqarilishi shart. Aks holda bunday mahsulot inson salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatishi aniq.
Qonunga muvofiq, iste'molchi o'zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo'lishiga va uning hayoti, sog'lig'i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo'lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.