Boshida koʻpchilik ishonmadi. Axir Moʻynoqning yozda olov purkaydigan jaziramasi-yu qishda badan-badaningni sirqiratadigan izgʻirinida, kamiga badar ketgan Oroldan meros shoʻrxok tuprogʻida zamonaviy issiqxona barpo qilib, hosil olish qay bir maʼnoda ertakka oʻxshabroq ketadi. Ammo bugungi islohotlar amaliy ishlarga, hayotiy natijalarga asoslangani bois ham moʻynoqlik yoshlar sahroda ishlab, daromad topishni uddalashdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpogʻistondagi Xalq qabulxonalari, sektorlar rahbarlari koʻzi yonib turgan bu yigit-qizlarning ezgu orzulariga kamarbasta boʻlmoqda. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga oid davlat siyosatining yorqin hayotiy ifodasi – besh oy nari-berisida Qipchoqdaryo ovulida qurilgan 1 gektardan ziyod issiqxonada bugun yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ovozasi esa butun Orolboʻyi boʻylab taralmoqda. Shu bois sahro qoʻynidagi bu issiqxonani oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun atay Moʻynoqqa keladigan yoshlar safi kengaymoqda.

Bu gal tajriba almashish uchun Nukus shahridan kelgan yoshlar Moʻynoqdagi tengdoshlarining choʻl ichidagi shu issiqxonadan yigirma kunda 36 tonna bodring uzib, sotishga erishganini eshitib, ikki karra hayratlanishdi. Demak, ishlasa, izlansa, uddalash mumkin ekan. Hademay ular pomidor sotishni boshlashadi. Bir boʻlak maydonda havasga ekilgan bulgʻor qalampiri-yu baqlajon ham unib, hosil berdi.

Yana bir ibratli jihat – Moʻynoq yoshlari oʻz qoʻllari bilan yetishtirgan sabzavot mahsulotlari bilan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga ham hissa qoʻshishga ulgurishdi. Kuni kecha Moʻynoqning Tallioʻzak, Doʻstlik, Madeli, Qozoqdaryo, Uchsoy kabi 11 ta ovulidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 200 dan ortiq oilaga yetkazib berilgan navbatdagi ezgulik karvonida 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qatoriga Qipchoqdaryo ovulidagi issiqxonadan yangi uzilgan sabzavotlar ham qoʻshildi.

Albatta, bular – moʻynoqlik yoshlarni doimiy ishli va tadbirkor qilish yoʻlidagi ilk qadamlar. Hali oldinda bajariladigan vazifalar koʻp. Yoshlar bilan navbatdagi muloqotda ham necha yildan beri oʻz dehqonini kutib yotgan Moʻynoq tuprogʻidan, yerosti suvlaridan unumli foydalanib, yangi-yangi dalalar, ixcham issiqxonalar barpo qilishga kelishib olindi. Erta-indin Qipchoqdaryo ovulidagi 10 ta yosh oilaning hovlisida yoki hovli etagidagi boʻsh maydonlarda har biri 10 sotixli 10 ta zamonaviy issiqxona qurilishi uchun grant mablagʻi ajratiladigan boʻldi. Ilk hisob-kitoblarga koʻra, 10 sotixli issiqxonadan oyiga kamida 8-10 million soʻm daromad topish mumkin.