Mamlakatimizda avtomobil transporti iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida katta ijtimoiy ahamiyatga ega. U aholi uchun eng qulay va oson foydalaniladigan harakatlanish vositasi sifatida hayotimizda mustahkam oʻrin egallagan.
Shu munosabat bilan, fuqarolar uchun avtomobil xaridi jarayonidagi muhim qoidalarni bilish juda zarur.
Vazirlar Mahkamasining 38-son qaroriga muvofiq, avtomototransport vositalari bilan bogʻliq oldi-sotdi va boshqa bitimlar umumiy holatda notariuslar tomonidan notarial tartibda tasdiqlanishi shart.
Quyidagi holatlarda notarial tasdiq talab etilmaydi:
- Avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar, rasmiy dilerlar va distribyutor tashkilotlar orqali sotib olinganda;
- Lizing shartnomalari asosida xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar (yengil avto vositalardan tashqari);
- 2,0 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan ustav kapitaliga ega kredit yoki lizing kompaniyalari orqali;
- “TRADE-IN” dasturi orqali rasmiy dilerlarga topshirilganda;
- Davlat ijrochilari tomonidan onlayn-auksionlar orqali avtomobil sotilganda.
Chet eldan olib kirilgan avtomashinalar:
- Boshqa davlatlardan olib kelingan avtomobillar bojxona va DYHX organlarida rasmiylashtirilgandan soʻnggina oldi-sotdi bitimi tuzilishi mumkin.
Qatʼiyan taqiqlanadi:
- Roʻyxatdan oʻtmagan avtomototransport vositalarini bozorlarda oldi-sotdi qilish;
- Birjalar orqali sotish;
- Transport vositalarini bitimlar uchun xatlab qoʻyilgan yoki boshqa shaxsga berish huquqi cheklangan holatda foydalanish.
Yoshga oid cheklovlar:
- Avtotransport vositalarini 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga;
- Mototransport vositalarini 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga rasmiylashtirish istisno tariqasida amalga oshirilib, guvohnomada:
- “Transport vositasi egasi 18 (yoki 16) yoshga toʻlgunga qadar vasiy va homiylar ruxsatisiz bitim tuzish taqiqlanadi” degan yozuv kiritiladi.
Bitimdan soʻng:
- Notarius tomonidan tasdiqlangan bitimlar tasdiqlangan kundan boshlab 10 kun ichida DYHX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.









