Mamlakatimizda avtomobil transporti iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida katta ijtimoiy ahamiyatga ega. U aholi uchun eng qulay va oson foydalaniladigan harakatlanish vositasi sifatida hayotimizda mustahkam oʻrin egallagan.

Shu munosabat bilan, fuqarolar uchun avtomobil xaridi jarayonidagi muhim qoidalarni bilish juda zarur.

Vazirlar Mahkamasining 38-son qaroriga muvofiq, avtomototransport vositalari bilan bogʻliq oldi-sotdi va boshqa bitimlar umumiy holatda notariuslar tomonidan notarial tartibda tasdiqlanishi shart.

Quyidagi holatlarda notarial tasdiq talab etilmaydi:

  • Avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar, rasmiy dilerlar va distribyutor tashkilotlar orqali sotib olinganda;
  • Lizing shartnomalari asosida xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar (yengil avto vositalardan tashqari);
  • 2,0 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan ustav kapitaliga ega kredit yoki lizing kompaniyalari orqali;
  • “TRADE-IN” dasturi orqali rasmiy dilerlarga topshirilganda;
  • Davlat ijrochilari tomonidan onlayn-auksionlar orqali avtomobil sotilganda.

Chet eldan olib kirilgan avtomashinalar:

  • Boshqa davlatlardan olib kelingan avtomobillar bojxona va DYHX organlarida rasmiylashtirilgandan soʻnggina oldi-sotdi bitimi tuzilishi mumkin.

Qatʼiyan taqiqlanadi:

  • Roʻyxatdan oʻtmagan avtomototransport vositalarini bozorlarda oldi-sotdi qilish;
  • Birjalar orqali sotish;
  • Transport vositalarini bitimlar uchun xatlab qoʻyilgan yoki boshqa shaxsga berish huquqi cheklangan holatda foydalanish.

Yoshga oid cheklovlar:

  • Avtotransport vositalarini 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga;
  • Mototransport vositalarini 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga rasmiylashtirish istisno tariqasida amalga oshirilib, guvohnomada:
  • “Transport vositasi egasi 18 (yoki 16) yoshga toʻlgunga qadar vasiy va homiylar ruxsatisiz bitim tuzish taqiqlanadi” degan yozuv kiritiladi.

Bitimdan soʻng:

  • Notarius tomonidan tasdiqlangan bitimlar tasdiqlangan kundan boshlab 10 kun ichida DYHX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.