Qanday qilib xorijlik mehmonlarni Oʻzbekistonda koʻp pul sarflashga undash mumkin?

    Oʻzbekistonga yiliga 23 ming fransuz sayohat qilar ekan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifini yoritishda ishtirok etayotgan jurnalist Aziza Qurbonova oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida fransuz turistlarni Oʻzbekistonga jalb qilish borasida qiziqarli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

    U Parijda boʻlib oʻtadigan tashrif oldidan Turizm qoʻmitasi taqdimotida fransiyalik mutaxassisga mikrofon tutgan.

    – Oʻzbekistonga yiliga 23 ming fransuz sayohat qilar ekan. Sizningcha, bu oqimni yana qanday qilib koʻpaytirish mumkin?

    — Mening hisobimcha, 23 mingdan koʻproq fransuz boradi Oʻzbekistonga. Lekin turizm qonuniyatida shunday muhim rakurs bor: sayyohlarning qancha kelishi emas, ular sizning mamlakatingizda qancha pul sarflashi muhim. Men 1998-yildan buyon Oʻzbekistonga sayyohlar yuborishni tashkil qilaman. Orada bir toʻxtab ham qoldim, chunki u payt ishlash juda qiyinlashib ketdi. Sizda juda zoʻr tarix bor va judayam yaxshi insonlar. Fransuzlar bu ikki narsani juda yaxshi koʻrishadi. Lekin koʻproq yoshlar emas, kattalar Oʻzbekistonni tanlashadi. Ular esa katta xarajatlar qilishdan oldin uzoq oʻylashadi. Nima qilish kerak? Oʻrta yoshlilar va yoshlarni qiziqtiradigan yoʻnalishlarni ochish kerak. Masalan, Amirsoyda changʻi kompleksi ochganingiz juda yaxshi boʻlgan. Shunday loyihalar koʻpayishi kerak. Meni xursand qilgani hozir Oʻzbekistonda jiddiy oʻzgarish bor, koʻp davlatlarga vizasiz rejim qildingiz, vizadan dollar yechishdek muammoni hal qildingiz, bu muammolar turistlarni ovora qilardi. Parij aholisining 86 foizi xizmat koʻrsatib pul topganidek, sizlarda ham eng chekka joylarda ishsizlikni hal qilish mumkin.

    Jurnalist oʻz mulohazalarida davom etar ekan, tarixiy obidalar, osori atiqalar haqida nega OAVda kontekstlar yaratilmasligi borasida savol tashlaydi.

    “... tarix uchun kontekst muhim. Bizda shu jihatdan oqsash bor. Deylik, Malevichning «qora kvadrati”ni oʻtirib men ham chiza olaman, lekin unga “sanʼatning nol nuqtasi bu, realizm va kubizm jonga tegdi, sanʼat oddiy boʻlishi kerak, dunyo geometriya va rangdan iborat”, degan inqilobiy fikrli kontekst berilgani uchun Malevichning asari bir million dollarga sotiladi, mening zerikkandan Lorealdek qimmat qalamni uvol qilib chizgan qora kvadratim esa hech kimga qiziqmas... Masalan, Luvrda Mona Lizani koʻrganlarning aksariyati “nimasiga shunchalik vahima, kichkina bir portret ekan” deb yozgʻirib ham qoʻyadi, lekin shuni koʻrish uchun 17 yevro toʻlab, soatlab navbatda turib, bir kunini ketkazib tomosha qilishga hamisha tayyor. Bu yerda ham kontekst ish beradi: Leonardo Da Vinchi kimni chizgan, portretdagi sirli tabassum mazmuni nima, chizish uslubi qanday, asar ikki marta oʻgʻirlanib qanday topilgani kabi kontekstlar, hikoyalar, axborotlar, tadqiqotlar va piar texnologiyalar uning mashhurligini oshiraveradi. Mashhurlik esa pul keltiraveradi.

    Demak, yana oʻylayman, bunday savollarni qoʻyish va targʻib qilish uchun odamlar bilimli, qiziquvchan va maishiy hayotdan ustunroq fikrlar yuritishga qodir boʻlishi kerak.

    Nega biz deylik, Registon brendini shunday qilolmaymiz? Nega odamlarimiz deyarli gid xizmatidan foydalanmaydi, maktablarda qiziq hikoyalar aytilmaydi, OAVda kontekstlar yaratilmaydi?

    Mavzudan chiqib ketdim...

    Taʼlim forumi yakunida kichik boʻlsada men aytayotgan kontekst namoyish qilingani juda xursand qildi. Ilk marta Parijda Interkontinental mehmonxonasida Bibixonim koʻylagining tarixiy obrazi tiklanib, defilega qoʻyildi.

    Toshkent tekstil va yengil sanoat instituti prorektori Xolida Komilovaning aytishicha, alvon libosning har bir detali ispan sayyohi Klavixo tasvirlagani boʻyicha tikilgan.

    Klavixo yozishicha, Bibixonimning koʻylagi nihoyatda muhtasham edi, uni 100 kanizak hamrohlik qilib, koʻylagini koʻtargan. Bitta libos Amir Temur va Bibixonim hikoyalariga yoʻl ochadi.

    Fransuzlar bunday hikoyalarning maftuni ekani bilinib turibdi. Shu koʻylak bahona ipak, adras, atlas, kashtali milliy liboslarimiz shu yerning oʻzida talash boʻlib sotilyapti, narxi 1000 dollardan boshlanadi«, deya yozadi Aziza Qurbonova.