Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida sohada olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, endokrinologiya xizmatini takomillashtirish bo'yicha ko'riladigan birinchi galdagi chora-tadbirlar belgilab berildi. Jumladan, qandli diabet uchun metformin preparati 200 mingdan ziyod ehtiyojmand aholiga bepul tarqatiladi. Bolalar va kattalarni odam insulini bilan bepul ta'minlash dasturi davom ettirilib, bunda ilk bor 25 yoshgacha bo'lgan yoshlarga analogli insulin beriladi.
O'zbekistonda ushbu kasallikni operatsiya yo'li bilan davolash boshlanganiga hali ko'p vaqt bo'lmagan bo'lsa-da, qator ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Ustoz va shogird hamkorligi — muvaffaqiyat kaliti
Mamlakatimizda qandli diabetning 2 turini operatsiya qilish yo'lga qo'yilishida Toshkent tibbiyot akademiyasi tayanch doktoranti, jarroh Umid Ro'ziyevning xizmatlari katta.
U 2009 yilda akademiyaning bakalavr bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagach, klinik ordinaturada jarrohlik yo'nalishi bo'yicha tahsil oldi. Kafedrada kichik ilmiy xodim sifatida ishlayotgan paytida Janubiy Koreya grantini yutib, mazkur mamlakatdagi Inha universitetining tibbiyot fakultetiga qarashli gospitalda malaka oshirish imkoniyatini qo'lga kiritdi. U erda olti oy o'qib, tajriba oshirdi, muntazam ravishda jarrohlik amaliyotini kuzatdi.
— Bariatrik va metabolik jarrohlik bilan ilk bor o'sha gospitalda tanishganman, — deydi U.Ro'ziyev. — Bir kuni gospitalda vazni ikki yuz kiloga yaqin bemorni operatsiya qilishdi. O'shanda umuman duch kelmagan jarayonga guvoh bo'ldim: jarrohlik tanani kesmasdan, menga notanish laparoskopik asboblar, texnologiyalar vositasida amalga oshirildi. Bir soatcha davom etgan jarrohlik amaliyotidan so'ng, operatsiya qilgan koreyalik professorni rosa savolga tutdim, bu qanday operatsiya ekani haqida so'radim. U bu bariatrik metabolik jarrohlik bo'lib, tibbiyotning bu yo'nalishi hali butun dunyoda yangilik ekani, hatto, qandli diabetning 2 turiga chalingan bemorlarga ham ana shunday jarrohlik amaliyoti qo'llanilayotganini aytdi. To'g'risi, hayratda qoldim, chunki bu men uchun yangilik edi. Qandli diabetning 2 turi bilan kasallangan bemorlarni jarrohlik yo'li bilan davolash mumkinligi haqida birorta joyda eshitmagandim...
Shu tariqa Umid Janubiy Koreyadan O'zbekistonga katta taassurot, ishtiyoq bilan qaytdi. Jarrohlikning mazkur yo'nalishiga qiziqib, uni astoydil o'rgana boshladi. Bu tibbiyotning nisbatan yangi yo'nalishi bo'lgani bois, aksariyat ma'lumotlar ingliz tilida edi. Ustozi Oktyabr Teshayev Janubiy Koreyadagi olti oylik o'qishi, faoliyati va u yerning tibbiyot sohasidagi yutuqlari, yangiliklari haqida so'raganida, qandli diabetning 2-turiga chalingan bemorlar bariatrik va metabolik jarrohlik yo'li bilan davolanayotganini aytdi. Mazkur yo'nalishga doir tarjima qilgan ilmiy maqolalarni ustozi obdon o'qib chiqib, bu tibbiyotning ilmiy asoslangan yo'nalishi bo'lib, uni mamlakatimizda ham joriy qilishga kirishish kerakligini ta'kidladi.
Janubiy Koreyada bu xil operatsiyada foydalanilayotgan asbob-uskuna, texnologiya O'zbekistonda hali yo'q edi, operatsiya laparoskopiya usulida, teshish yo'li bilan bajarilardi. Ustozi tanani kesib-ochib bajarish mumkinligini taklif qildi. O'zbekistonlik bemorlar Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreyaga borib, shunday operatsiya qildirib kelardi. Sog'liqni saqlash vazirligiga murojaat qilib, davlat hisobidan operatsiya qilish bo'yicha grant ajratish, shu orqali bemorlarni jalb qilish choralarini ham ko'rishdi. Umid endokrinologiya markazlariga borib, qandli diabetning 2 turiga chalinganlarni operatsiya qilish mumkinligi haqida aytganida, unga ishonqiramaganlar ko'p bo'ldi. Ularning yuz ifodasida “Bu bolaning esi joyidami, qandli diabetga chalinganlarni operatsiya qilib bo'larkanmi?” degan ma'no bordek edi.
Shu tariqa oradan ikki-uch yil vaqt o'tdi. Bu paytda Umid Ro'ziyev Toshkent shahar 1 son klinik shifoxonasida jarroh sifatida faoliyat yuritardi. Bu borada Qozog'istonda nazariy bilimlarini oshirish bilan birga, tibbiy operatsiyalarda qatnashib, ikki oy davomida amaliyot ham o'tadi.
2016 yilda Umid Ro'ziyevga bir tanishi onasi qandli diabetga chalinganini, Qozog'istonda bemorni operatsiya qildirishni so'rab iltimos qiladi. Xorijlik professor yordam berishini, biroq bu operatsiya o'n ming dollarga tushishini aytganda bemor va uning yaqinlari bunday imkoniyati yo'qligini bildirishdi.
— Doktor, shu operatsiyani o'rganib kelibsiz, o'zingiz shu erda operatsiya qilaqoling, dedi bemor onaxonning o'zi, — deya eslaydi U.Ro'ziyev. — Bizda hozirda ulardagi kabi uskunalar yo'qligi uchun laparoskopiya usulida emas, kesib-ochib operatsiya qilishga to'g'ri kelishini tushuntirdim. Onaxon baribir kimdadir birinchi bo'lib boshlashingiz kerak-ku, dedi. To'g'risi, onaxonning qat'iyati, dovyurakligi meni operatsiyani qilishga undadi. Ustozim Oktyabr Teshayev boshchiligida shu onaxonni to'qqiz soat operatsiya qilganmiz.
Operatsiya muvaffaqiyatli o'tdi. Uyga ham bormay, o'n kechayu kunduz onaxonga o'zim qaradim. Chunki zimmamdagi mas'uliyatni juda yaxshi anglardim. Bir oydan keyin onaxon shifoxonaga keldi. U ancha ozgan, ko'rinishi ham juda yaxshi edi. Tahlil uchun qon topshirganida qonda qand miqdori me'yorda ekani ma'lum bo'ldi. Shu tariqa amalga oshirgan ilk operatsiyamiz ijobiy natija berdi. Bemor qandli diabetdan batamom tuzaldi. Bu ilk yutug'imiz edi!
Shunday bo'lsa-da, bir yil davomida hech kim shu xildagi operatsiya qildirish uchun murojaat qilmadi. Bu orada operatsiyani amalga oshirish uchun ketadigan vaqtni qisqartirish borasida izlanish olib borishdi. Chunki birinchi bemorni operatsiya qilish uchun to'qqiz soat vaqt sarflangan, chet elda bu atigi bir-bir yarim soat davom etardi, xolos.
Operatsiya vaqtini qisqartirish imkonini beradigan tibbiy asbob-anjomlar izlandi, ayrimlari topildi. Shuning hisobiga ikkinchi jarrohlik amaliyoti olti soat davom etdi. Lekin bu baribir ko'p edi. Astoydil urinishlar, yaxshi niyatdagi say-harakatlar zoye ketmadi. Keyinchalik chet eldan to'qimani kesish hamda ularni bir-biriga ulashga mo'ljallangan endostepler uskunasi olib kelindi. 2018 yildan boshlab bemorlarni laparoskopiya usulida operatsiya qilish boshlandi va bu bir-bir yarim soat davom etadigan bo'ldi.
O'rni kelganda aytish lozimki, qandli diabetning 1 turiga chalingan bemorlarning oshqozonosti bezi insulin ishlab chiqarmasligi bois, ularda jarrohlik amaliyoti qo'llanilmaydi.
Ortiqcha vazn, semizlik — bosh omil
— Sog'lom odam qonidagi qand me'yori 3.1 dan 6.4 gacha bo'lishi kerak, — deydi U. Ro'ziyev. — Agar undan oshsa, qandli diabetga moyillik yuzaga keladi. Aslida qandli diabetning ikki turi mavjud. 1 turi ko'proq bolalarda uchraydi va genetik tug'ma kasallik hisoblanadi. Bu oshqozonosti bezining yaxshi ishlamasligi tufayli insulin moddasi yetishmasligidan kelib chiqadi. Ular insulinga qaram bo'lib, bu moddani ularga tashqaridan yetkazib berishga zarurat tug'iladi. Chunki insulin yetkazib berilmasa, qondagi qand miqdori oshib ketadi. Bu kabi bemorlarga insulin doimiy tarzda yuborib turilishi lozim. Qandli diabetning 2 turida bemorda oshqozonosti bezi ishlaydi, ya'ni insulin moddasini me'yorda ishlab chiqaradi, lekin insulinning glyukozaga ta'sir o'tkaza olmasligi sabab qonda qand miqdori baland bo'ladi. Sodda qilib aytganda, oshqozonosti bezi ishlab chiqargan insulin hujayraga boradi va unga qondagi mavjud glyukozani qayta ishlashga yordam beradi. Shu tarzda glyukoza parchalanib, organizmga singadi va tanaga quvvat beradi. Hujayra glyukozani qayta ishlash uchun uni o'zlashtirishi kerak. Shuning hisobiga qonda glyukoza miqdori me'yoriy holatga keladi.
Qandli diabetning 2 turi glyukozaning so'rilmasligi hisobiga yuzaga keladi. Bu organizmning insulinga ta'sirchanligi kamayishi, hujayra va insulin o'rtasida to'siq yuzaga kelgani bilan bog'liq jarayon. Bordiyu, organizmda glyukoza me'yordan oshsa, oshqozonosti beziga bu haqda “xabar keladi”, oshqozonosti bezi uni me'yorga tushirish uchun yana insulin ishlab chiqaradi. Farqi, organizm avval me'yorda insulin ishlab chiqargan bo'lsa, endi 4-5 barobar ko'p insulin chiqaraveradi. Chunki oshqozonosti beziga qonda glyukoza miqdori oshgani haqida muttasil signal kelib turadi-da. Oshqozonosti bezi esa, besh barobar zo'riqib ishlay boshlaydi. Oqibatda organizm insulinga ta'sirchanligini yo'qotib boraveradi. Bu esa qonda glyukozaning haddan ziyod oshib ketishiga, oxir-oqibat qandli diabetning 2 turi yuzaga kelishiga sabab bo'ladi.
Ko'pincha ortiqcha vazn, semizlik odamlarda bu kasallik rivojlanishiga sabab bo'ladi. Boisi hujayraning atrofini yog' qoplab oladi, bu esa, insulinning o'tishiga to'siq bo'ladi, hujayralar glyukozani o'zlashtirmay qo'yadi.
— Organizmda insulin etarli miqdorda ishlayotgan, biroq unga ta'sirchanlik yo'qolgan hollarda jarrohlik amaliyoti qo'llaniladi, — deya davom etdi jarroh. — Operatsiya hujayra va glyukoza o'rtasidagi to'siqlarni bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi. Ham ortiqcha vazndan xalos bo'lish, ham moddalar almashinuvi yaxshilanishiga xizmat qiladi. Shu kunga qadar ustozim boshchiligida 300 dan ziyod operatsiyada ishtirok etdim. Operatsiyadan keyin bemorlarning qandli diabetning 2 turidan forig' bo'lish ko'rsatkichi 94 foizdan oshdi. Bemorlarni asosan, Toshkentda operatsiya qilyapmiz. Zarurat tug'ilganda viloyatlarga ham chiqib turibmiz. Biz qo'llayotgan jarrohlik amaliyotida oshqozon vertikal kesilib, ingichka ichakka ulanadi. Ingichka ichakning ortiqcha joyi qolaveradi, faqat u erdan ovqat o'tmaydi. Lekin o'z faoliyatini yo'qotmaydi. Oshqozon kichraytirilishi, ichakning ovqat o'tadigan qismining qisqarishi hisobiga so'rilish maydoni kamayadi. Bu esa bemorning ozishiga, hujayra va insulin o'rtasidagi ta'sirchanlik, ya'ni metabolik jarayon tiklanishiga xizmat qiladi. Operatsiyadan tuzalganlarning parhez tutishiga, dori ichishiga hojat qolmaydi.
— O'tgan yili koronavirusga chalindim va bu kasallik menda og'ir kechdi, oqibatda qandli diabet xastaligini ham orttirib oldim, — deydi farg'onalik Abdurahim Asqarov. — Qondagi qand miqdori 25 gachaga ko'tarilib ketgan ekan. endokrinolog parhez tutishimni tayinladi. Parhezdan so'ng ham uning miqdori 7 ga chiqdi. Bu ham me'yoriy ko'rsatkichdan yuqori edi. Turkiyada qandli diabetning 2 turini operatsiya yo'li bilan davolashayotganidan xabar topdim. Ularda operatsiya ning narxi 12-14 ming dollar ekan. Bu biz uchun imkonsiz edi.
Shunda mamlakatimizda ham ana shunday operatsiyalar qilinayotganini eshitdim. Kerakli tahlillar topshirilgach, operatsiya qilishdi. Operatsiyadan oldin vaznim 113 kilo edi. Operatsiyadan so'ng to'rt oy ichida 30 kilogramm vazn tashladim. endi o'zimni juda yaxshi his qilyapman, qon bosimi, bosh og'rig'i, jig'ildon qaynashi, tizza, oyoq og'riqlaridan xalos bo'ldim.
Parhez yechim emas
Qandli diabet doimiy ravishda chanqash, og'iz qurishi, tez-tez peshob ajralishi, lohaslik va holdan toyish, terining qurishi, qichishish, vazn va ishtahaning sezilarli oshishi kabi belgilar bilan namoyon bo'ladi. Bu xastalik ko'rish qobiliyatining pasayishi, buyrak etishmovchiligi, yurak xuruji, insult xavfini yuzaga keltiradi.
Tadqiqotlar ortiqcha vazn bilan bog'liq muammoning 90 foizi ovqat iste'moli hamda jismoniy mehnat o'rtasidagi nomutanosiblik tufayli kelib chiqayotganidan dalolat bermoqda. Ko'pchilik kun davomida kaloriyasi yuqori oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qiladi. Ular qatoriga fast-fudlarni ham kiritish mumkin. Bundan tashqari, yaqin joyga ham avtomobilda boradi. Semiz odamlarning ko'pchiligi ishxonada muqim o'tirib ishlaydi, ko'p qavatli turar joylarda istiqomat qiluvchilar esa zina emas, balki lift orqali ko'tarilib-tushishni ma'qul ko'radi. Kamiga uy-ro'zg'or yumushlarini bajarish uchun changyutkich, kir yuvish mashinasi, mikroto'lqinli pech singari texnika vositalaridan foydalanadi va ortiqcha urintirishni istamaydi.
Oqibatda, ortiqcha vazn yuzaga keladi, jismoniy faollik pasaya boshlaydi, ozgina harakatlanganda ham hansirash, mushaklarda og'riq paydo bo'ladi. Faollik kamayib, qo'shimchasiga ovqat ratsioniga e'tibor qaratmaslik oqibatida vazn borgan sari oshib boraveradi. Bu esa, qandli diabetning 2 turi yuzaga kelishiga asosiy sabablardan biridir.
— Endokrinologlar qandli diabetga chalinganlarga parhez tutishni tavsiya qilishadi. To'g'ri, bu ma'lum muddat qondagi qand miqdorini me'yorlashtiradi, lekin muammoga to'liq echim bo'la olmaydi, — deydi U.Ro'ziyev. — Qandli diabet kuchayib borish xususiyatiga ega. Oshqozonosti bezi taxminan besh yil davomida qandli diabetni bildirmaydi. Ya'ni, og'irlikni o'ziga oladi. Insulinni ko'p ishlab chiqarib, qand miqdorini me'yorda ushlab turadi. Insulin miqdori esa, bir necha barobar ko'payib ketadi. Deylik, bir insulin yuzaga kelgan to'siq tufayli hujayraga yetib borolmay qoldi. Vaqt o'tishi bilan oshqozonosti bezidan chiqqan yana ikkinchi, uchinchi insulin oldida ham to'siqlar yuzaga kela boshlaydi. To'siqlar ko'payib borgan sari qand miqdori ham oshib boraveradi. Bunda parhezga rioya qilmaganidan emas, balki mana shu to'siqlarning paydo bo'lgani tufayli kand miqdori oshgan bo'ladi.
Aytmoqchimanki, vaqt o'tishi bilan parhez ham yordam bermaydi, to'siqlar ko'payib boraveradi, insulin hujayraga etib bormay, glyukozaning o'zlashtirilishi pasayib boradi. Oqibatda qonda glyukoza miqdori oshib ketadi.
Mamlakatimizda mazkur kasallikning oldini olish, sohada tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2019 yil 19 apreldagi “2019- 2021 yillarda Respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko'rsatishni takomillashtirish bo'yicha milliy dasturni tasdiqlash to'g'risida”gi qarori ixtisoslashgan samarali va zamonaviy endokrinologiya yordami tizimini shakllantirish, qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlash choralarini yanada takomillashtirish, aholiga ixtisoslashgan yuqori malakali endokrinologiya yordamini ko'rsatish sifati va imkoniyatlarini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda qandli diabet-2 kasalligiga chalingan bemorlarni operatsiya yo'li bilan davolashda yutuqlarga erishilmoqda. Hatto, O'zbekistonda Bariatrik va metabolik xirurgiya uyushmasi ham tashkil etilib, u IFSO xalqaro federatsiyasiga a'zo bo'ldi. Ushbu xalqaro tashkilotning vazifasi bariatrik va metabolik jarrohlik bo'yicha dunyoda qo'lga kiritilayotgan yutuqlar, natijalar bo'yicha statistikani umumlashtirish, dunyo tendensiyasini aniqlash, operatsiyalarni muvofiqlashtirishdan iborat. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tibbiy operatsiyalar, natijalar ham ularning reestiriga kiritib boriladi. Mazkur xalqaro tashkilotga a'zolik mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan shu yo'nalishdagi jarrohlarning dunyo tajribasidan doimiy xabardor bo'lish, jahon standartlarini, ilg'or yutuqlarini tibbiyotimizda qo'llash imkonini beradi.
Shahzod G'afforov,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri









