Davlatlar o'rtasidagi do'stona munosabatlar azaldan barcha sohalarda ko'zlangan hamkorlik, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo'nalishlardagi o'zaro yakdillikning yangi bosqichlariga yo'l ochib kelgan. Qirg'iziston Respublikasi O'zbekistonning ana shunday uzoq yillik strategik sheriklaridan hisoblanadi. Ayniqsa, so'nggi yillarda ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikning o'suvchanligi yaqqol ko'zga tashlanmoqda.
Prezidentimiz taklifiga binoan Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 11-12-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda safari ikki tomonlama aloqalar tarixida muhim voqea bo'ldi, desak mubolag'a emas. Ochiq va do'stona ruhda o'tgan uchrashuvlar davomida davlat rahbarlari O'zbekiston bilan Qirg'iziston o'rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini yuqori baholadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va transport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishning keng ko'lamli masalalarini muhokama qildi.
Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etgan muzokaralarda asosiy e'tibor xalqlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga qaratilgani bejiz emas. Bu boradagi ko'rsatkichlar ijobiy dinamikaga ega bo'lib, so'nggi to'rt yilda o'zaro savdo hajmi besh barobardan ziyodga o'sgan va 900 million AQSH dollardan oshgan. Davlat rahbarlari o'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish strategik sheriklikning ustuvor yo'nalishi bo'lgani holda, savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va nomenklaturasini kengaytirish orqali kelgusi yillarda uning hajmini ikki barobar ko'paytirish imkoniyati borligini bildirdi. Buning uchun har ikkala davlat bozorlarida xaridorgir bo'lgan, shu jumladan, yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar etkazib berish, tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qo'llab-quvvatlashga kelishib olingani katta ahamiyatga egadir. Bu borada savdo uylari faoliyatini kengaytirish, biznes forumlar va sanoat mahsulotlari ko'rgazmalarini o'tkazish muhim o'rin tutadi.
Mamlakatimizda eksportbop va import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko'paytirishni rag'batlantirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo, korxonalar o'rtasida kooperatsiyani mustahkamlash eng asosiy masala hisoblanadi. Shu bois, tomonlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo'yicha aniq loyihalarni amalga oshirishga ham kelishib oldi. Bular, xususan, Qirg'izistonda engil avtomobillar, qishloq xo'jaligi texnikalari, maishiy texnikalarni yig'ishni tashkil etish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda to'qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalardir.
Uchrashuvlar doirasida “O'zbekiston – Qirg'iziston – Xitoy” temir yo'lining qisqa vaqtda barpo etilishi, ikki davlat shaharlari o'rtasida avtobus, temir yo'l va aviaqatnovlarni qayta tiklash, hududlararo hamkorlik masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Hududlararo hamkorlikni yanada faollashtirib, erishilgan kelishuvlar ijrosini ta'minlash, chegaraoldi viloyatlarni kompleks rivojlantirish, davlat chegarasidan o'tkazish punktlarida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi ta'kidlandi. Ushbu kelishuvlarning tashrif arafasida Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlari hamda O'sh, Jalolobod, Botken va Norin viloyatlari tomonidan kelishib olingan “yo'l xaritalari” doirasida amalga oshirilishi bu boradagi munosabatlarni bundanda mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Muzokaralar yakunida O'zbekiston – Qirg'iziston hamkorligining deyarli barcha yo'nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolangani davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan dadil qadam bo'ldi. Qariyb 50 ta qo'shma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, O'zbekiston-Qirg'iziston Investitsiya fondini tashkil etish to'g'risidagi bitim, elektr energiyasini o'zaro yetkazib berish, Qirg'izistonda gidroenergetika obyektlarini qurish bo'yicha hamkorlik to'g'risidagi hujjatlar shular jumlasidandir.
Tashrif doirasida o'rtaga tashlangan masalalar qatorida O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida qishloq va suv xo'jaligi sohalaridagi ikki tomonlama aloqalar ham tilga olindi. Ta'kidlash joiz, so'nggi yillarda bu boradagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Suv resurslaridan foydalanish va suv inshootlarini ekspluatatsiya qilish bo'yicha barcha muammoli masalalar birgalikda hal qilinmoqda.
Sirdaryo havzasida O'zbekistonning beshta viloyati — Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Farg'ona joylashgan. Mintaqaning suv zahiralari mushtarakligi va birligini qayd etib, ushbu hududlarning suv ta'minoti To'xtagul suv ombori, shuningdek, O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida oqib o'tadigan kichik Podshaata, So'x, Isfairamsoy, Shohimardonsoy, Kosonsoy va boshqalar bilan bog'liq. Shunday ekan, bu borada tegishli vazirlik va idoralarning sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashimiz, shuningdek, ikkala tomonning ehtiyojlari va manfaatlarini inobatga olgan holda, paydo bo'layotgan muammolarni zudlik bilan ikki mamlakat parlamentlari darajasida hal qilishda ularga yordam berishimiz, parlamentlararo aloqalarni yanada kuchaytirishimiz lozim.
Yana davlatlararo suv resurslari manbalarini birgalikda boshqarish masalalari bo'yicha o'zaro maqbul echim topish zarurligini hisobga olish va iqtisodiyotni rivojlantirish, mamlakatlarimiz aholisi turmush darajasini yaxshilash manfaatlari yo'lida muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish ham juda muhimdir.
Shubhasiz, O'zbekiston va Qirg'iz Respublikalari ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Prezident Sadir Japarovning yurtimizga tashrifi esa O'zbekiston — Qirg'iz sherikligining sifat jihatdan yangi bosqichini boshlab beradi.
Ravshan MAMUTOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo'jaligi masalalari
qo'mitasi raisi