Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Xususan, Fargʻona tumanida yashovchi, 1993-y.t., muqaddam sudlangan shaxs qirgʻizistonlik tanishlari bilan 4000 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi hamda 5306 dona “Regapen” va 232 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotib olishga va buning uchun ularga oldindan 1200 AQSH dollari yuborib, qolgan pullarni dori vositalarini sotib boʻlganidan keyin berishga kelishadi.
Oʻz navbatida qirgʻizistonlik narkosavdogarlar uning buyurtmasini aylanma yoʻllar orqali mamlakatimiz hududiga oʻtkazib berishadi.
Ajal ogʻusini sotib, moʻmay daromad topishni reja qilgan ushbu fuqaro Rishton tumaniga borib, 2800 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasini hamda 560 dona “Regapen” va 10 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini Qoʻqon shahrida yashovchi, 1989 va 1990-yillarda tugʻilgan 2 xaridorga 13 mln soʻm hamda 100 AQSH dollariga sotib, “Qoʻqon - Fargʻona” yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida ushlandi. Va undan 600 dona “Tramadol”, 50 dona “Tropikamid”, 13 mln soʻm hamda 100 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, undan giyohvandlik vositalarini sotib olgan qoʻqonlik 2 xaridor ham ushlanib, ulardan ham ashyoviy dalillar tegishli tartibda olib qoʻyildi.
Bundan tashqari, narkosavdogarning koʻrsatmasi asosida, uning yashash xonadonidan tovarning qolgan qismi, yaʼni 600 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi hamda 4746 dona “Regapen”, 172 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy bahosi 1,5 mlrd soʻmni tashkil etuvchi giyohvandlik vositalari musodara qilindi.
Boshqa bir holatda esa Rishton tumanida yashovchi, 1987-y.t. ayolning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida Qirgʻiz Respublikasidan keltirilgan, umumiy bahosi 682 mln. soʻmni tashkil etuvchi 3343 dona “Regapen” va 1058 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, ayolning jinoiy sherigi boʻlgan Qoʻqon shahrida yashovchi, 1986-y.t. fuqaro ham ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.