Bir qarashda qonunbuzarlik alomatlari koʻzga tashlanmaydi. Haydovchi hujjatlarda koʻrsatilganidek, avtotransport vositasiga 20 tonna ogʻirlikdagi ip kalava yuklanganini maʼlum qiladi.

Ammo, bojxona xodimlarining hushyorligi sababli ushbu avtotransport vositasining tirkamasi belgilangan tartibda xizmat iti koʻmagida bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, tirkamaning old tomoni pastki qismiga xufyona tarzda jami 93 dona polietilen oʻramlar yashirilgani fosh qilindi.

Mazkur oʻramlar belgilangan tartibda ochib koʻrilganida esa, yashil va qizil ranglardagi 82 ta oʻramga 85 kg. 505 gr. ogʻirlikdagi “geroin” hamda 11 dona sariq rangli oʻramga 11 kg. 425 gr. ogʻirlikdagi gashish giyohvandlik vositasi joylanganligi maʼlum boʻldi, deya xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati.

Shunday qilib, mazkur holatda jami 96 kg. 930 gr. ogʻirlikdagi giyohvandlik vositalarining respublikamiz hududiga yashirincha olib kirilishining oldi olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.