Qariyb 1,7 kilogramm giyohvandlik vositalarini olib oʻtgan jonli konteynerlar qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 26 Fevral 2021 443

    Surxondaryo viloyatida oʻzidan jonli konteyner sifatida foydalanib, giyohvandlik vositalarini ichki aʼzolariga yashirgancha olib kirishga boʻlgan bir nechta urinishlar fosh etildi.

    Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara-bojxona postiga piyoda kirib kelgan qoʻshni davlat fuqarosi inson tanasini skanerlovchi qurilma koʻmagida bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, uning ichki aʼzolarida yumaloq shakldagi shubhali predmetlar borligi maʼlum boʻldi.

    Shifokorlar koʻmagida ushbu shaxsning ichidan 44 dona polietilen oʻramlar chiqarib olinganda, ularga sof ogʻirligi salkam
    430 grammni tashkil etuvchi “opiy” giyohvandlik vositasi yashirilgani maʼlum boʻldi.

    Zudlik bilan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar idoralari vakillari bilan birgalikda koʻp bosqichli tezkor tadbir rejasi ishlab chiqildi.

    Natijada, giyohvandlik vositalarini ichki aʼzolariga yashirgancha olib kirishga uringan boshqa shaxslar ham maʼlum boʻldi.

    Tezkor tadbir davomida, “Ayritom” chegara bojxona postiga piyoda kirib kelgan yana bir qoʻshni mamlakat fuqarosining ichida ham 34 dona skotchlangan oʻramlar borligi fosh boʻldi.

    Oʻramlar ichida salkam 650 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi borligi maʼlum boʻldi.

    Oradan biroz oʻtib, mazkur postga kirib kelgan yana boshqa bir fuqaroni ham oʻzidan oldingi sheriklarining qismati kutayotgan edi.

    U ham ichki aʼzolariga narkotik moddalarni yashirgani bir zumda “Bodi skaner” qurilmasi koʻmagida fosh qilindi. Bu gal 31 dona oʻramlar uchun “jonli konteyner” vazifasini oʻtashga uringan shaxs 592,22 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini shu zaylda olib oʻtmoqchi boʻlgan.

    Shundan soʻng tezkor tadbirlar Toshkent shahrida ham davom ettirilib, poytaxt mehmonxonalaridan birida mazkur narkotik moddalarni qabul qilib olishi kerak boʻlgan shaxs ham qoʻlga olindi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 1672,22 gramm ogʻirlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

    Ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.