Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) xabar bershicha, Qarshi shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi, Qarshi va Koson tumanlari ichki ishlar boʻlimlarining vaqtincha saqlash hibsxonalarida shaxslarni saqlash sharoitlari belgilangan meʼyoriy talablarga javob bermasligi kuzatilgandi.
Kameralarning taʼmirtalab holatga kelib qolganligi, shu bilan birga tabiiy va sunʼiy yorugʻlik tizimi, sanitariya-gigiyena holati, havo almashtirish tizimi talab darajasida emasligi kabi qator kamchiliklar qayd etildi.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Ombudsman tomonidan Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritildi.
Maʼlum qilinishicha, taqdimnoma asosida ayrim kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan. Jumladan, vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi kameralarni koʻzga ziyon yetkazmaydigan holda oʻqish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sunʼiy yorugʻlik bilan taʼminlash, isitish hamda boshqa tegishli choralar koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, Qarshi tuman ichki ishlar boʻlimi vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati toʻxtatilib, saqlanayotgan shaxslar kapital taʼmirlangan Kasbi tuman ichki ishlar boʻlimi vaqtincha saqlash hibsxonasiga koʻchirildi.
Ombudsman tomonidan bildirilgan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etmagan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, 1 nafar xodim lavozimidan ozod etildi va 9 nafar xodimning xatti-harakatlari “Intizomiy kengashlar” tomonidan koʻrib chiqildi.
Ayni paytda vazirlik tomonidan vaqtincha saqlash hibsxonalari sharoitlarini yaxshilash boʻyicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Kameralar va yuvinish xonalarini kerakli jihozlar bilan taʼminlash va sanitariya talablariga muvofiqlashtirish ishlari davom etmoqda.