Taʼkidlash joizki, mazkur majmua 1998-yil 17-fevralda “Oʻzbekneftgaz” hamda dunyoga mashhur boʻlgan Germaniya, Italiya va Yaponiya kompaniyalarini oʻz tarkibida mujassam etgan Konsorsium oʻrtasidagi shartnoma asosida qurilgan. Qurilish va foydalanishga topshirish ishlari nihoyasiga yetgach, 2002-yilning avgust oyida Shoʻrtan gaz kimyo majmuasida birinchi “Oʻzbek polietileni” ishlab chiqarilgan.
Ayni paytda bu yerda 3 ming 854 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 11-maydagi va 2018-yil 3-fevraldagi qaroriga asosan majmuaning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida investitsiya loyiha ishlab chiqilgan. Unga koʻra, yiliga 3,6 milliard metr kub gaz chuqur qayta ishlanib, Yevro-5 standartiga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqariladi. Ushbu zavod Shoʻrtan gaz kimyo majmuasiga yaqin joylashgani umumlashgan infratuzilma obyektlaridan foydalanishda qulaylik yaratadi.
Bu yerda joriy yilning oʻtgan 9 oyida 3,224 millard metr kub xom-ashyo gazi qayta ishlandi. Natijada 2,761 milliard metr kub tabiiy gaz, 101,9 ming tonna polietilen, 90,2 ming tonna suyultirilgan gaz, 81,7 ming tonna gaz kondensati va 0,8 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarildi.
– Bunday ishlar neft-gaz sohasida birinchi klaster yaratish imkonini beradi. Ushbu korxonalar kelgusida kimyo, avtomobilsozlik, turizm, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi, — deydi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi”ni rahbarining birinchi oʻrinbosari Zokir Eshmurodov. – 150 gektardan ortiq maydonga ega korxonada yiliga 3,9 milliard metr kubgacha tabiiy gaz qayta ishlanib, 3,5 milliard metr kub gaz, 125 ming tonnadan ortiq polietilen granulasi, 100 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz, 100 ming tonnadan ortiq gaz kondensati, 1,5 ming tonna oltingugurt granulasi tayyorlanadi. Shuningdek, 750 ming kv/metrdan ortiq alyumin kompozitli panellar, 4,5 ming tonnadan ortiq polietilen quvurlar, shlanglar, ulovchi qism (fiting)lar va tomchilab sugʻorish tizimlari hamda boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Majmuada yana bir loyiha amalga oshirilmoqda. Bu korxona quvvatini 125 ming tonnadan 505 ming tonnagacha oshirish imkonini beradi. Bunda Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqariladigan sintetik naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi – Uglevodorod xom ashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish evaziga yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan polimer mahsulotlari turlarini koʻpaytirish orqali sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish hamda import oʻrnini bosuvchi xom ashyo materiallar ishlab chiqarishni koʻpaytirishdir. Mazkur investitsion loyihani qisqa fursatlarda ishga tushirish moʻljallangan boʻlib, Uzbekistan GTL zavodidan keladigan yiliga 430,0 ming tonna sintetik nafta va tabiiy gaz tarkibidagi etanni qayta ishlash hisobidan qoʻshimcha 280 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen, 50 ming tonnagacha piroliz distillyati ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Natijada yana 800 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.