Qashqadaryo viloyatida tender savdolarida qonunbuzilishlar aniqlandi

    17 ta 10,97 milliard soʻmlik lotlardagi tanlov-tender savdolarida qonun buzilgan.

    Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʼmitasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining "Davlat xaridlari toʼgʼrisida"gi va "Raqobat toʼgʼrisida"gi qonun talablariga rioya qilinishi boʼyicha joriy yil 1-choragi davomida 526 ta lot boʼyicha jami 209,31 milliard soʼmlik tanlov va tender savdolarida oʼrganish ishlari olib borilgan.

    Oʼrganishlar davomida 82 holatda tanlov-tender savdolarida yuqoridagi qonun talablariga rioya qilinmagani aniqlangan.

    Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xaridlar sohasiga bogʼliq ariza va murojaatlar yuzasidan oʼtkazilgan oʼrganish natijasida 17 ta 10,97 mlrd. soʼmlik lotlardagi tanlov-tender savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

    Ushbu qonunbuzilish holatlari boʼyicha hududiy boshqarma tomonidan 16 ta tanlov-tender savdolari boʼyicha ish qoʼzgʼatish toʼgʼrisida ajrimlar chiqarilgan hamda boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror va koʼrsatmalar berilgan. Mazkur qonunbuzilish holatlariga yoʼl qoʼygan 14 nafar mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborilgan.

    Bundan tashqari huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 21 ta talabnoma va xatlariga asosan tanlov va tender savdolarining qonuniyligi yuzasidan 278 ta lot, jami 61,91 mlrd. soʼmlik tanlov-tender savdolari yuzasidan oʼrganishlar oʼtkazilgan boʼlib, 12,76 mlrd. soʼmlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Аniqlangan qonunbuzilishlar toʼgʼrisidagi maʼlumotnomalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilingan.

    Xususan, Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi va “Sulton media Plus” MChJ oʼrtasida Qarshi shahrida markaziy archa tayyorlash va oʼrnatish ishlari uchun 2022 yil 30 noyabrda 2 milliard soʼmlik shartnoma tuzilgan. Mazkur shartnoma Qarshi shahar gʼaznachilik boʼlimidan roʼyxatdan oʼtmagan. Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2022 yil 30 noyabrda 2 milliard soʼmlik “Sulton media Plus” MChJ bilan tuzilgan shartnoma tanlov-tender savdolarini amalga oshirmagan holda toʼgʼridan-toʼgʼri amalga oshirilgan.

    Ushbu holatlarga yoʼl qoʼygan mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasiga nisbatan ish qoʼzgʼatilgan.

    Shuningdek, Qamashi tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida Davlat xaridlari maxsus axborot portalida 2023 yil 13 yanvarda 300 mln. soʼmlik tayyor issiq ovqat yetkazib berish xizmati uchun tanlov savdolari oʼtkazilgan. Tanlovda ishtirok etish uchun 3 ta talabgor "Osiyo Nafis" MChJ, "Ravshanbek ulgurji savdo taʼminot" XK va "Qorasuv asl chorvasi" MChJlar taklif taqdim etgan. "Osiyo Nafis" MChJ yakuniy natijaga koʼra tanlov gʼolibi boʼlgan.

    Ushbu oʼtkazilgan tanlov savdosida Qamashi tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni baholash jarayonida noxolislikka yoʼl qoʼyilgani aniqlangan.

    Mazkur aniqlangan qonunbuzilishlarga yoʼl qoʼygan Qamashi tumani tibbiyot birlashmasiga nisbatan ish qoʼzgʼatilib, tegishli qaror va koʼrsatmalar berilgan hamda ushbu holatlarga yoʼl qoʼygan xodimga nisbatan maʼmuriy choralar koʼrilgan.

    Qashqadaryo viloyat 18-koʼrish boʼyicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasi buyurtmachiligida Davlat xaridlari boʼyicha maxsus axborot portaliga 2022 yil 27 iyulda taʼlim muassasasini joriy taʼmirlash hamda 2022 yil 19 dekabrda maʼmuriy binoni joriy taʼmirlash boʼyicha oʼtkazilgan tanlov savdosining qonuniyligi viloyat prokuraturasining talabnomasiga asosan oʼrganilgan.

    Ushbu oʼtkazilgan tanlov savdosida davlat taʼlim muassasasi tomonidan baholash jarayonida ishtirokchilar tomonidan bir xil hujjatlar taqdim qilingan boʼlsada, baholash jarayonida noxolisliklarga yoʼl qoʼyilgani aniqlangan.

    Hududiy boshqarma tomonidan mazkur holatlar boʼyicha ish qoʼzgʼatilgan hamda tegishli qaror va koʼrsatma berilgan, qonunbuzilishiga yoʼl qoʼygan xodimga nisbatan maʼmuriy choralar koʼrilgan.