Kadastr agentligining hududiy boshqarma hamda ularning quyi tizimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida kadastr bazasida 2021-yil 31-may holatiga 7 mln 830 mingta koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantirildi.

Shulardan,

6 mln 64 mingtasi yakka tartibdagi turar-joy,

1 mln 307 mingtasi koʻp qavatli uylardagi kvartiralar

459 mingtasi noturar-joy obyektlar hisoblanadi.

Jami koʻchmas mulk obyektlarinig 7 mln 581 mingtasi jismoniy va 249 mingtasi yuridik shaxslarga tegishlidir.

Kadastr agentligi tashkil etilgan sana yaʼni 2020-yil sentyabr oyidan joriy yilning 31-may kuniga qadar 275 mingta yangi obyekt hisobga olindi.

Jumladan, oʻtkazilayotgan xatlovlar natijasida Fargʻonada

59 ming 900 ta, Qashqadaryoda 44 ming 800 ta, Samarqandda 28 ming 300 ta, Andijonda 26 ming 300 ta, Toshkent shahrida 23 mingta, Buxoroda 17 ming 700 ta, Qoraqalpogʻistonda 15 ming 800 ta, Namanganda 12 ming 700 ta, Toshkent viloyatida 11 ming 700 ta, Jizzaxda 11 ming 900 ta, Xorazmda 10 ming 900 dan ortiq koʻchmas mulk obyektlari qoʻshimcha hisobga olindi.

Shuningdek, oʻtkazilayotgan xatlovlarda 359 mingta koʻchmas mulk obyektlarda qoʻshimcha qurilmalar aniqlanib, kadastr bahosi qayta koʻrib chiqildi.

Jumladan, Samarqandda 102 ming 400 ta, Fargʻonada 67 ming 900 ta, Toshkent viloyatida 37 ming 300 ta, Buxoroda 19 mingta va Qashqadaryoda 18 ming 800 ta mavjud obyektlarda qoʻshimcha qurilmalar borligi maʼlum boʻldi.

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazishda esa 2020-yilning sentyabridan 2021-yil buguniga qadar 553 mingdan ortiq obyektlar davlat roʻyxatdan oʻtkazildi.

Bugungi kunda Toshkent hamda Fargʻona viloyatlarida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalari va bino-inshootlarni xatlovdan oʻtkazish ishlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-maydan boshlab qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchilarni davlat roʻxatidan oʻtkazishni elektron shaklda amalga oshirish, maʼlumotlarni avtomatik davlat reyestriga kiritish hamda ochik geoportalda onlayn aks ettirish tizimi joriy qilindi.

Mazkur yoʻlga qoʻyilgan tizim, birinchidan qishloq xoʻjalagini yerlari va ularni foydalanuvchilar hisobini toʻliq elektron yuritish imkonini bersa, ikkinchidan yerdan foydalanuvchilar, jumladan fermer xoʻjaliklari huquqini kafolatlaydi (ularni qoʻlida rasmiy kadastr hujjati boʻladi).

ArcGIS dasturida onlayn geoportal sinov tarzida ishga tushirildi.

Bugungi kunda “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazish integratsiyalashtirilgan axborot tizimi”da qishlok xoʻjaligi yer maydonlari fermer xoʻjaliklarining yer maydonlari roʻyxatdan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan xatlovda koʻchmas mulk obyektlarining huquqiy holatini aniqlash uchun obyektlar tajriba tariqasida qizil (noqonuniy qurilgan), sariq (hujjatlari toʻliq emas yoki hujjati boʻlmasa-da qurish mumkin boʻlgan yerga qurilgan) va yashilga (hujjatlari toʻliq) ajratildi.

Hisob-kitoblarga koʻra qizil obyektlar – 26,3 mingta (4%), sariq obyektlar – 509 mingta (65%) va yashil obyektlar – 228 mingtani (31%) tashkil etdi.

Kadastr tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida byudjetga 401,1 mlrd soʻm qoʻshimcha manba aniqlandi.

2021-yil 4 oyi davomida 11 568 ta boʻsh yer uchastkalari (725 gektar) “YERELEKTRON” axborot tizimiga joylashtirildi. Shundan, 5 374 ta boʻsh yerlar vakolatli organlar tomonidan axborot tizimida kelishuvdan oʻtkazilib, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga chiqarilgan va ularning 3 525 tasi sotilgan.

Xatlov doirasida toʻplangan barcha maʼlumotlar, oʻzgarishlar va aniqlangan obyektlar kadastr tizimida joriy qilingan axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali elektron dasturga kiritilib, yagona maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Bu esa kelajakda oʻz navbatida, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, yer nazoratini amalga oshirish boʻyicha muammolarni bartaraf etish uchun dasturi amal boʻlib xizmat qiladi.