Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan 2021-yilda amalga oshirilgan nazorat tadbirlari va 2022-yilga moʻljallangan rejalar, loyihalar boʻyicha matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda taʼkidlanishicha, oʻtgan 2021-yilda inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan 23 869 ta nazorat tadbiri oʻtkazilgan. Bu 2020-yilga nisbatan oʻtkazilgan nazorat tadbirlardan 19 982 taga koʻpaygan.
-Oʻtkazilgan tadbirlardan 1 939 tasi tekshirish, 21 930 tasi esa monitoring va profilaktik tadbirlarni tashkil qiladi,- deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Nurbek Navroʻzov.-Nazorat tadbirlari davomida 11 520 ta qonun buzilish holati aniqlanib, samaradorlik 48 foizga yetgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2020-yilda 42 foizni tashkil etgan. Soha mutaxassislari tomonidan yil davomida Inspeksiyaning vakolati doirasida 2 186 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqbuzarlarga nisbatan 600 million soʻmlik maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi. Tadbirlar natijasi bilan qonun hujjatlarini buzilishi, ularning sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish borasida 534 nafar mansabdor shaxsga nisbatan taqdimnomalar, 8 522 nafar masʼulga nisbatan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar kiritildi. Xodimlarimiz tomonidan aniqlangan 278 ta material qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, yaʼni 193 tasi sudlarga, 83 tasi prokuraturaga va 2 tasi boshqa organlarga yuborilishi taʼminlandi. Yil davomida 16 92 nafar shaxs sohaga oid Hukumat qarorlari talablarini buzmasligi toʻgʻrisida rasman ogohlantirildi.
Matbuot anjumanida sohalar kesimida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari yuzasidan ham maʼlumot berildi. Jumladan, Inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi texnika holatini nazorat qilish yoʻnalishida Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl qurilish texnikalari boʻyicha “Yagona elektron dastur” shakillantirilgan. 2021-yilda boshqarma tomonidan viloyatdagi jami 6 149 ta qishloq xoʻjaligi texnikalari toʻliq roʻyxatdan oʻtkazilgan. Oʻtgan davr mobaynida 4672 ta davlat raqam belgilari, 11046 ta texnik pasport, 1857 ta texnik guvohnoma hamda 5628 ta traktorchi-mashinist guvohnomasi berilgan. Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl qurilish texnikalariga koʻrsatilgan davlat xizmatlari va traktorchi-mashinist guvohnomalarini berilishidan jami 5 milliard 66 million soʻm mablagʻlar tushurilgan.
-Oʻtkazilgan tekshirishlar, monitoringlar davomida boshoqli don va paxta yetishtirishda 4314 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tegishli hokimlik, klaster, fermer xoʻjaligi rahbarlariga nisbatan 4115 ta yozma koʻrsatma, 196 ta taqdimnoma hamda 10279 ta ogohlantirish kiritildi-deydi Nurbek Navroʻzov. Viloyatda 2021-yil paxta hosilini tez va qisqa muddatlarda yigʻishtirib olish maqsadida defoliatsiya tadbirlarini kechiktirib, sifatsiz oʻtkazilganligi, 2022-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarga yer tayyorlash ishlarini sustligi va tayyorlangan yerlarning sifatsizligi, fosforsiz ekilishi kabi kamchiliklar aniqlanib, viloyat va barcha tuman hokimlariga nisbatan 38 ta taqdimnoma, gʻallachilik va paxtachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi klasterlarga nisbatan 54 ta koʻrsatma berildi. Bundan tashqari, Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan foydalanish ustidan nazorat qilish sohasida 2021-yil davomida qator ishlar amalga oshirildi. Prezidentimizning 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga koʻra, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratilishi yuzasidan tekshirishlar olib borildi. Oʻrganishlar davomida 51 ta fermer xoʻjaliklari va klaster korxonalarining 546 gektar maydonlarga amalda joriy etilmaganligi hamda sifatlilik darajasini belgilovchi koyeffitsent ortiqcha hisoblanganligi oqibatida 4 318 million soʻm byudjet mablagʻlari hisobidan bajarilmagan ishlar uchun subsidiya mablagʻlari ortiqcha toʻlanganligi aniqlandi. Natijada toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilishi taʼminlandi. Bugungi kunga qadar 3 500 million soʻmdan ortiq qismi byudjetga qaytarildi.
Qizgʻin munozara, tahliliy tarzda oʻtgan matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
“Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati











