Tadbirda Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya kabi davlatlar, shuningdek, Qashqadaryo bilan birodarlashgan viloyat va shaharlar  yoshlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Xalqaro qurultoyga yurtimizning har bir hududidan 50 dan ortiq iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, jumladan nogironligi bo‘lgan yoshlar hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi va talabalar ham jalb qilingan.

Besh kun davomida mehmonlarni biri biridan qiziqarli tadbirlar kutmoqda. Tanlov, musobaqa, taqdimot, uchrashuv, aksiya, loyiha hamda kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari, O‘zbekistondagi diplomatik missiya vakillari bilan ishtirokchilarning uchrashuvlari kabi qator tadbirlar shular jumlasidandir.

Ta’kidlash joizki, tadbir davlatimiz rahbarining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikasiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan yoshlar va jamoalar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishadi.

Shu bilan birga,  II xalqaro yoshlar qurultoyi ishtirokchilarining har biriga Turizm qo‘mitasining maxsus sertifikatlari topshiriladi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida I Xalqaro “Yoshlar turizmi” qurultoyini bo‘lib o‘tgan edi.