Qashqadaryoda Qizil kitobga kiritilgan Amudaryo gulbaliqlari noqonuniy ovlandi

    Noqonuniy ov natijasida tabiatga 133 mln 650 ming soʻm zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi. 

    Qashqadaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan Shahrisabz tumanida navbatdagi ekologik nazorat reyd tadbiri oʻtkazildi.

    Tadbir davomida “Hisor” davlat qoʻriqxonasi va Shahrisabz ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligi hududidan oqib oʻtuvchi Tanxozdaryo daryosi irmogʻida fuqarolar tomonidan 27 dona Amudaryo gulbaliqlari noqonuniy ovlangani aniqlandi.

    Maʼlumot uchun, Amudaryo gulbaligʻi yoʻqolib borayotgan kenja tur hisoblanib, Oʻzbekiston Qizil kitobi va SITES konvensiyasi (Qizil kitobga va Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish toʻgʻrisidagi Konvensiya) ilovasiga kiritilgan.

    Noqonuniy ov natijasida tabiatga 133 mln 650 ming soʻm zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi.

    Holat boʻyicha surishtiruv ishlarini olib borish va qonunbuzarlarga nisbatan chora koʻrish maqsadida toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun rasmiylashtirilmoqda.