Uchrashuv davomida Afgʻonistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Mulla Barodar Afgʻoniston muammolariga doimiy eʼtibor qaratayotgani uchun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi. Bundan tashqari, “Tolibon” harakati rahbariyati vakili Oʻzbekistonning Afgʻonistonda transport va energetika sohalarida muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarini mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladi.

U, ayniqsa, Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afgʻonistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda toʻlaqonli tinch siyosiy jarayonni boshlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Shu oʻrinda Afgʻoniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida “ishonch va hamkorlik koʻprigi”ga aylanishi mumkinligi bildirildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.