Islohotlar yurtimiz kon-metallurgiya sanoatini ham yuksak bosqichga olib chiqyapti. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ular asosida ishlab chiqarish quvvatlarini o‘shirish orqali mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga zamin yaratilyapti.

Mazkur soha nafaqat sanoat o‘sishini ta’minlamoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Keyingi yillarda kombinatdagi keng ko‘lamli islohotlar, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayonida har bir xodim faollik, tashabbuskorlik va yuksak mas’uliyatni his qilmoqda.

Erishilayotgan yuksak natijalar zamirida, avvalo, mazkur tarmoqqa qaratilayotgan doimiy e’tibor va har tomonlama qo‘llab-quvvatlov muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasini fidoyilik, hamjihatlik va yuksak mas’uliyat hissi bilan mehnat qilishga ruhlantirmoqda.

So‘nggi yillarda kon-metallurgiya sohasida ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Yangi konlar o‘zlashtirilib, mavjudlari modernizatsiya qilinmoqda. Bu esa nafaqat xomashyoni qazib olish, balki chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati bu jarayonda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Korxonadagi investitsion loyihalar natijasida ishlab chiqarish hajmi yil sayin oshib bormoqda. Shu bilan birga, sohada energiya samaradorligi va ekologik barqarorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Atrof-muhitga zararli ta’sirni kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlash va “yashil” texnologiyalardan foydalanish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri. Kon-metallurgiya sohasidagi yangi bosqich innovatsiyalar, samaradorlik va barqaror rivojlanishga asoslangan davrdir.

Joriy yilning 16 martida Olmaliqda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mustaqillikning dastlabki yigirma besh yilligida oltin qazib olish hajmi 63 tonnadan 87 tonnaga yoki 24 tonnaga oshgan bo‘lsa, so‘nggi to‘qqiz yilda bunga yana 31 tonna qo‘shilib, o‘tgan yili 118,4 tonnaga yetkazildi. 2016 yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar, mis 1,4 barobar oshirilishiga erishildi. Natijada tarmoqda ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yili 270 trillion so‘mga yetdi. 

Ushbu sohada ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassis sifatida ta’kidlardimki, kon-metallurgiya sanoatida, xususan, oltin, kumush va mis qazib olishda bugun kuzatilayotgan yuqori o‘sish sur’atlari ilgari bo‘lmagan. Mazkur yutuqlar, avvalo, yurtimizda uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan, puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosat, shuningdek, tarmoqni izchil rivojlantirishga qaratilayotgan tizimli chora-tadbirlar hamda yuksak e’tibor samarasidir. Shu nuqtai nazardan, erishilayotgan yutuqlarimiz milliy sanoatimizning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Mashaqqatli mehnat samarasi

Kon-metallurgiya sohasida mehnat qilish nafaqat sharafli, balki insondan jasorat va yuksak mas’uliyatni ham talab etadi. Ushbu sohada yuksak natijalarga erishish osonmas. Har qanday katta yutuqlar zamirida ­tinimsiz mehnat, chuqur bilim hamda mus­tahkam iroda mujassam bo‘ladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati jahonda oltin ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biridir. Kombinatning mineral resurslari bazasi 140 million unsiyadan ortiqni tashkil etadi. 2025 yilda kombinat 98,2 tonna oltin ishlab chiqardi. Dastur doirasida 1,4 trillion so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot tayyorlandi. Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida 7,3 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi. Investitsiya dasturi doirasida 561 million dollarlik mablag‘ o‘zlashtirildi. Yangi loyihalarni amalga oshirish va amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobiga 2628 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Qo‘lga kiritgan yutuqlarimizda, eng avvalo, 50 mingdan ziyo d ahil jamoaning fidokorona mehnati mujassam.

Joriy yilni ham turli sohalarda yutuqlar bilan boshladik. 2026 yil fevral oyida “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan NKMKning korporativ ESG reytingi “3” darajasida tasdiqlanib, umumiy ko‘rsatkichi 51 balldan 54 ballga yetdi. Shuningdek, kombinat “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol respublika tashkiloti” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Aprel oyida 2025 yilda ochiqlik bo‘yicha ishlar samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan “Ochiqlik indeksi”ning yakuniy natijalariga ko‘ra, ­“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ 94,4 ball bilan eng yuqori natijani qayd etib, 1-o‘rinni egalladi.

Rivojlanishning asosiy sharti

Keyingi yillarda kon-metallurgiya sanoati iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Tarmoqda samaradorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda ilm-fan yutuqlari va ilmiy izlanishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etyapti.

Kon-metallurgiyada ilmiy izlanishlar, avvalo, qazib olish jarayonlarini samarali tashkil etish imkonini beradi. Geologik tadqiqotlar orqali yer osti boyliklarini aniqlash va baholash ishlari takomillashib bormoqda. Bu jarayonda geologiya fani muhim o‘rin tutadi. Zamonaviy geologik tahlillar resurslarni tejash va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Qazilma boyliklarni qayta ishlash jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash mahsulot sifatini oshiradi. Masalan, avtomatlashtirish va raqamlashtirish orqali ishlab chiqarishda aniqlik va samaradorlik ta’minlanadi. Kon-metallurgiya korxonalarida chiqindilarni qayta ishlash, zararli gazlarni kamaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish muhim vazifalardan. Bunday korxonalarda ilm va izlanishlar nafaqat ishlab chiqarish jarayonini takomillashtiradi, balki iqtisodiy o‘sish, ekologik barqarorlik va raqobatbardoshlikka yo‘l ochadi. 

Kombinat singari yirik ishlab chiqarish korxonalari uchun ilmiy izlanishlar qilish rivojlanishning asosiy shartidir. Ishlab chiqarish jarayonida turli muammolar yuzaga kelishi tabiiy hol. Ammo ularni samarali hal qilish aynan ilm-fan va tahlilga tayanadi. Ushbu yo‘nalishda korxonamizda tizimli va maqsadli ishlar qilinmoqda. Bugungi kunda kombinatda 10 nafar fan doktori va 30 nafar fan nomzodi faoliyat yuritmoqda va ular ishlab chiqarish jarayonlari bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazmoqda.

Ayni paytda korxonamizda 10 dan ortiq mutaxassis ilmiy ishlarini himoya qilish arafasida turibdi. Ular orasida yosh mutaxassislar ko‘pligi quvonarli. Bu kelgusida ilmiy maktablarimiz rivoji, innovatsion g‘oyalar va yangi ilmiy yo‘nalishlar shakllanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Kombinat va ishlab chiqarish korxonalarida turli sohalarda minglab muhandislar faoliyat yuritmoqda. Ular orasında ilmiy izlanishga moyil va ishlab chiqarishdagi muammolarni hal etish bo‘yicha individual izlanishlar qilayotganlar talaygina. Ularning ilmiy hamjihatligini yanada oshirish maqsadida bugungi kunda kombinatda konstruktorlar va yosh muhandislar kengashlari tashkil etildi. Ushbu kengashlarning asosiy maqsadi korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar sifatini va raqobatbardosh­ligini o‘shirishdan iborat. Shuningdek, yoshlarimiz ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni sun’iy intellekt asosida takomillashtirish, samaradorlik va tejamlilikni o‘shirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion takliflar hamda ratsionalizatorlik g‘oyalarini o‘rganish va tahlil qilish orqali asoslangan yechimlar ishlab chiqishi ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarida mavjud muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va ularга samarali yechimlar topish kabi vazifalar ham kengash a’zolari zimmasida. Asosiyси, yosh muhandislarning izlanishlari va amaliy faoliyatining o‘zaro integratsiyasi hamda hamkorligini mustahkamlash kelajagimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz yoshlarga yetarlicha e’tibor qarатib, zarur shart-sharoitlarni yaratib bersak, ularning qalbida ishtiyoq va salohiyat jonlanadi. Yosh muhandislarimiz bilim, izlanish va innovatsion g‘oyalari bilan nafaqat katta natijalarga erishadi, balki kelajagimiz taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 16 martida Olmaliqda bo‘lgan uchrashuvda yoshlarga qarata “O‘qisin, izlansin, bunday korxonalarda ishlab, hayotda munosib o‘rnini topsin” degan da’vati kombinatda ishlayotgan har bir yigit-qizimiz qalbida aks sado berdi, desam ayni haqiqat.

Zero, bugun yoshlar ta’lim olishi va ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Buni kombinat misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan yilda 5- va 7-gid­rometallurgiya zavodlari, shuningdek, ­Navoiy mashinasozlik zavodi direktori, bosh muhandisi va quyuv tsexi boshlig‘i, Innovatsiya markazi rahbari, markaziy boshqarmada esa transport bo‘limi boshlig‘i dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ularning ilmiy tadqiqotlari bevosita ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bog‘liqligi va ishlab chiqarishga joriy etilgani bilan ahamiyatli. Hozir kombinatning 30 dan ortiq muhandis va mutaxassisi geologiya, geotexnologiya, konchilik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, gidrometallurgik jarayonlarni takomillashtirish, axborot texnologiyalari, energetika,  ­materialshunoslik, ­quymachilik, shuningdek, metallarga ishlov berish va ekologiya kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar qilyapti.

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti kon-metallurgiya sanoati uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim muassasасидир. Universitetda ta’lim jarayoni ishlab chiqarish bilan uzviy integratsiya qilingan bo‘lib, bu talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Oliy ta’lim muassasasida ilmiy tadqiqot faoliyatini rivoj­lantirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Sanoat korxonalari bilan o‘zaro hamkorlik asosida kon-metallurgiya sohasining dolzarb ilmiy-amaliy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan tadqiqotlar tizimli ravishda bajarilyapti. Professor-o‘qituvchilar tarkibining asosiy qismi tomonidan geotexnologiya, foydali qazilmalarni boyi­tish, materialshunoslik, energetika kabi yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar qilinmoqda. Hozirgi kunda universitetda 47 nafar fan doktori va 175 nafar fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy darajaga ega kadrlar soni yuqoriligi ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini ta’minlashda muhim omildir. Umumiy ilmiy salohiyat darajasi yuqori, ya’ni 65 foizni tashkil etayotgani mazkur oliy o‘quv yurtі kon-metallurgiya sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni samarali amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.

Kon-metallurgiya sanoatida ilm-fan va ilmiy izlanishlar tarmoqning samarali va barqaror rivojlanishida hal qiluvchi omil bo‘lyapti. Zamonaviy texnologiyalar, ­resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish aynan ilmiy yondashuv asosida ta’minlanmoqda. Korxonalar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, malakali mutaxassislar tayyorlash va yoshlarni ilmga jalb etish soha taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi.

Sun’iy intellekt va raqamlashtirish — davr talabi

Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2025-2030 yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va startap loyihalarni amalga oshirish “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Hujjat doirasida korxona faoliyatining geologiya-qidiruv, tog‘-kon ishlari, rudani qayta ishlash, sanoat xavfsizligi, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va energiya resurslarini boshqarish kabi asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan 24 ta sun’iy intellekt va startap loyihasini amalga oshirish ishlari boshlangan.

Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va yuqori unumli hisoblash infratuzilmasi shakllantirilmoqda hamda keng ko‘lamli kadrlar tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Korxonaning 2000 dan ortiq mutaxassisi sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha o‘qitildi.

Bugungi kunda sun’iy intellektga asos­langan birinchi yechimlar, jumladan, sanoat xavfsizligi videotahlili tizimlari, shaxsiy himoya vositalarini taqishni nazorat qilish, karer texnikasi haydovchilari holati monitoringi, shuningdek, kadrlar tanlash, xaridlar va hujjatlar tahlili uchun sun’iy intellekt yordamchilari — AI assistentlar joriy etildi.

Muruntov konida karerning raqamli modellarini yaratish va avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish nazoratini ta’minlaydigan uchuvchisiz uchish apparatlari va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda kon massasini qazib olish hajmini yuqori aniqlikda hisoblash tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshirildi.

2026 yilda kadrlar va xarid jarayonlarini avtomatlashtirish uchun sun’iy intellekt tizimlari, mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi bo‘yicha tahliliy tizimlar, karer texnikasini nazorat qilish uchun videotahlilni rivojlantirish, chiqindi omborlarining sun’iy yo‘ldosh geodinamik monitoringi, shuningdek, uskunalarga bashoratli xizmat ko‘rsatish, energiya iste’molini optimallashtirish va suv resurslarini boshqarishning intellektual tizimlarini o‘z ichiga olgan 10 ta sun’iy intellekt loyi­hasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Mikroseysmik monitoring va geodinamik xavflarni bashorat qilishning intellektual algoritmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi “Xavfsiz raqamli shaxta”, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda yangi avlod MES tizimini joriy etishga qaratilgan “SI — Raqamli gidrometallurgiya” loyihalari asosiy loyi­halar hisoblanadi.

Ushbu loyihalar kon-metallurgiya ishlab chiqarishining intellektual raqamli modelini shakllantirish, ruda qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish xatarlarini kamaytirish va mehnat unumdorligi yanaда o‘sishini ta’minlash imkonini beradi.

Ulug‘vor vazifalar

Navoiy kon-metallurgiya kombinatiда davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan, yaqin kelajakdagi vazifalarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha ishlar jadallik bilan davom etmoqda. Jumladan, “Muruntov konini o‘zlashtirish. V navbati 2-bosqichi” va “Nuqrakon va Kosmonachi konlaridan kumush ma’danlarni qazib olish va qayta ishlash majmuasini qurish”, “Qo‘qpatаs va Dovg‘iztov oltin konlarida ma’dan qazib olish. III-navbati” kabi investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda xalqimiz davlat mustaqilligining 35 yillik ulug‘ ayyomini keng va tantanali nishonlaydi. Bu qutlug‘ bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olish, unga puxta tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-­tadbirlar belgilab olindi. To‘yga to‘yana deganlaridek, mustaqillik bayrami arafasida 2-gidrometallurgiya zavodida ma’danni qayta ishlash quvvatini yiliga
55 million tonnaga yetkazish imkonini beruvchi yangi bloklar ishga tushiriladi, 3-gidrometallurgiya zavodida zamonaviy graddirniya binosi foydalanishga topshiriladi, 7-gid­rometallurgiya zavodining qayta ishlash quvvatini 10 million tonnaga oshirilib, umumiy quvvati 25 million tonnaga yetkaziladi. Janubiy kon boshqarmasida 400 o‘rinli maishiy bino, Dovg‘iztov koni ishchi-xodimlari uchun 250 o‘rinli oshxona qurilib ishga tushiriladi.

Zarafshon shahrida esa “Oltin vodiysi” madaniyat saroyi kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshiriladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi yuksak mas’uliyat, qat’iy intizom va o‘zaro hamjihatlik asosida samarali faoliyat yuritib, zamonaviy texnologiyalarni izchil joriy etish hamda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish orqali barqaror rivojlanish va yangi yutuqlarga erishib kelmoqda.

Har yili may oyining uchinchi yakshanbasi O‘zbekistonda konchilik va metallurgiya xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Fursatdan foydalanib, Tog‘-kon ­sanоati va geologiya vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati hamda barcha hamkor tashkilotlar jamoalarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz.

Quvondiq SANAQULOV,

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi — bosh direktori