Qator oziq-ovqat mahsulotlariga berilgan QQS imtiyozlarining muddati uzaytiriladi

    Mamlakatimizda 11 Yanvar 2022 1156

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-yanvar kungi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

    Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning maʼlum qilishicha, qonun loyhasiga koʻra 2021-yil 1-maydan 2022-yil 30-aprelga qadar boʻlgan davrda quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:

    Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya danagini olib kirish;

    oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma.

    Shuningdek, 2021-yil 10-oktyabrdan 2022-yil 30-aprelga qadar boʻlgan davrda goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.

    Taʼkidlash oʻrinliki, ushbu qonunni qabul kilish Davlat byudjetining 800,0 mlrl. coʻm atrofida daromadlari yoʻqolishiga olib keladi. Yoʻqotilgan summani soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, shuningdek, alohida imtiyozlarni bekor qilish boʻyicha takliflar hisobiga qoplash koʻzda tutilmoqda.