Joriy yil 15-fevralda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan BMTning Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining 66-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari uchun submintaqaviy maslahatlashuvlarda ishtirok etdi.
Turmaniston raisligida o‘tgan tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari rahbarlari, gender tenglik masalalari bo‘yicha mas'ul vakillar, tadqiqot va tahlil markazlari xodimlari ishtirok etdi.
BMTning Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining 66-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar yuz berishi xavfini kamaytirishga qaratilgan siyosiy choralar va dasturlarni ilgari surishda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
«BMT-Ayollar» tuzilmasi mintaqaviy direktori O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash sohasida ko‘rilayotgan samarali choralarni ijobiy baholab, mamlakatda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan ishlar ko‘lamini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Muloqotda iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga nisbatan adolatli va barqaror yechimlarni izlash, shu jumladan, tegishli strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollarning yetakchilik rolini ta'minlash va ularning salohiyatini kuchaytirish muhimligi ta'kidlandi.
Bu borada Senat Raisi T.Narbaeva kelgusida havo harorati ko‘tarilishi ortidan yuz berishi mumkin bo‘lgan iqlim o‘zgarishlari, buning insoniyat va Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan, aholi vakillariga bo‘ladigan nojo‘ya ta'sirlariga to‘xtaldi. Shuningdek, ushbu muammolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan xalqaro minbarlarga olib chiqilgani, mamlakatimiz tashabbuslari va qilingan ishlar qayd etildi, takliflar bildirildi.
Atrof muhit, iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha muammolar va kamchiliklar muhokama etildi, shuningdek, ularni mahalliy va global darajada bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar va yechimlar ishlab chiqildi.
Maslahatlashuvlar ishtirokchilari Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda gender masalalari integratsiyasini mustahkamlash bo‘yicha mavjud to‘siqlarni bartaraf qilish, kun tartibida belgilangan barcha rejalar va vazifalarni bajarish borasida o‘zaro hamkorlik va birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.