Qulupnay tanlash va saqlashda muhim jihatlarga eʼtibor berish lozim. Avvalo, sifatli qulupnay quruq, butun, shikastlanmagan va iloji boricha yashil qalpoqchasi bilan boʻlishi kerak.
Qulupnay sotib olayotganda uning hidini tekshirish muhim. Yetilgan tabiiy qulupnay yoqimli va aniq seziladigan hidga ega boʻladi. Agar qulupnay hech qanday hid chiqarmasa yoki kimyoviy moddalar hidi sezilsa, uni xarid qilish tavsiya etilmaydi.
Bundan tashqari, mevaning tashqi yuzasi haddan tashqari yaltiroq va sunʼiy namlantirilgan koʻrinsa, bu uning nitratlar yoki boshqa zararli moddalar bilan yetishtirilganidan darak berishi mumkin.
Qulupnayni uzoq muddat saqlash tavsiya etilmaydi, chunki u juda nozik boʻlib, tezda sifatsizlanadi. Agar uni muzlatgichda saqlash kerak boʻlsa, qulupnay quritilib, keng idishda havo oʻtkazmaydigan sharoitda joylashtirilishi lozim.
Shuningdek, yuvilgan qulupnayni uzoq saqlash yaramaydi, chunki namlik mevaning tez chirishiga sabab boʻladi.
Eng yaxshi usul – qulupnayni sotib olingan kunning oʻzida yoki bir necha soat ichida isteʼmol qilishdir.
Qulupnayni koʻp miqdorda xarid qilishdan tiyilish lozim, chunki u eng mazali va foydali holatda yangi terilganida boʻladi. Shu sababli, bozorlardan yoki ishonchli dehqonlardan tez-tez va oz-ozdan sotib olish tavsiya etiladi.
Qulupnay antioksidantlar, C vitamini, kletchatka va organizm uchun foydali minerallarga boy boʻlib, yurak-qon tomir tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, immunitetni kuchaytiradi va umumiy salomatlik uchun muhim ahamiyat kasb etadi.









