Qayta moliyalashtirish stavkasi pasaytirilishiga nimalar taʼsir koʻrsatdi

    Moliya 15 Sentabr 2020 2400

    10-sentyabrda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov qayta moliyalashtirish stavkasi pasaytirilishining sabablari haqida gapirib berdi.

    MB Boshqaruvining 10.09.2020-yildagi majlisida asosiy stavkani yillik 14%gacha pasaytirish haqida qaror qabul qilindi.

    Iqtisodiy faollik susayishi fonida tashqi va ichki talabning pasayishi sharoitida inflyatsiya prognozi pasayish tomon oʻzgardi. Xususan, 2020-yil oxiriga kelib prognozlarga koʻra inflyatsiya qariyb 11–12,5%ni tashkil etadi, bu ilgari rejalashtirilganidan (13,5%) 1%ga past.

    Karantin taʼsirlarining kamayib borishi bilan iqtisodiyotning bosqichma-bosqich tiklanishi kutilmoqda. Biroq, aholi daromadlarining nisbatan pastroq oshishi, shuningdek, iqtisodiy agentlarning qarorlar qabul qilishdagi ehtiyotkorona yondashuvi sababli iqtisodiyotning inqirozgacha boʻlgan darajasiga qaytishi uchun uzoqroq vaqt talab etiladi.

    Inflyatsiya darajasi dinamikasi va omillari

    2020-yilning 8 oyida inflyatsiya dinamikasi quyidagilarning taʼsiri ostida shakllandi:

    • elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirish muddatlarining kechiktirilishi;
    • karantin cheklovlari hisobiga aholi daromadlari va bandlik darajasining pasayishi natijasida ichki talabning qisqarishi;
    • milliy valyuta kursining j.y. aprel oyidagi devalvatsiyasidan soʻng keyingi oylarda barqarorlashuvi hisobiga devalvatsion bosimning qisqarishi.

    Inflyatsiya darajasi j. y. yanvar–avgust oylari davomida 2019-yil yakunidagi yillik 15,2%dan 11,6%gacha sekinlashdi va inflyatsiyaning maqsadli trayektoriyasidan past boʻldi. Bunga tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarishsiz qolganligi, meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy pasayishi hamda iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalarining oʻtgan yilga nisbatan sekinroq surʼatda oʻsganligi sabab boʻldi.

    Yillik inflyatsiya tarkibida nooziq-ovqat mahsulotlari (8%) va xizmatlar (7,5%) narxlari umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari (16,8%) pandemiya sharoitida ushbu guruh tovarlariga boʻlgan talabning oshganligi sababli nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsdi.

    Iyul–avgust oylarida bazaviy inflyatsiya darajasi ham umumiy inflyatsiya kabi pasayuvchi tendensiyasiga ega boʻldi va 8 oylik yakunlari boʻyicha yillik 12,2%ni tashkil etdi.

    Aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari

    Aholi va tadbirkorlik subyektlarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari joriy yil iyul oyidagi oʻsishdan soʻng sezilarli darajada pasaydi. Biroq, inflyatsion kutilmalar va amaldagi inflyatsiya oʻrtasidagi farq mart oyidan buyon yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

    Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlar kelgusi oylarda narxlarning koʻtarilishini asosan pandemiya oqibatlari hamda bozorda monopol mavqega ega subyektlar tomonidan taklif etalidigan tovar va xizmatlar narxlarining oshishi mumkinligi bilan bogʻlashmoqda.

    Iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining yana-da pasayishi va karantin cheklovlarining yumshatilishi, oʻz navbatida, inflyatsion kutilmalarning pasayishiga imkon beradi. Bu quyidagi omillar bilan izohlanadi.

    Birinchidan, ichki va tashqi iqtisodiy faollikning pasayishi aholi daromadlariga taʼsir koʻrsatmoqda. Bu birlamchi ehtiyoj toifasiga kirmaydigan tovarlar va xizmatlarga boʻlgan talabning sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi.

    Ikkinchidan, 2020-yilning 31-dekabriga qadar bir qator asosiy isteʼmol tovarlari va ularning xom ashyosi importiga bojxona bojlari va aksiz soligʻining nol darajali stavkalari belgilanishi karantin davrida oʻta talabgir boʻlgan tovarlar narxlari keskin oshishining oldini olishi kerak.

    Uchinchidan, joriy yilda narxlarni liberallashtirish boʻyicha islohotlar doirasida energiya tashuvchilar narxlarini oshirishning navbatdagi bosqichi keyinga qoldirilishi natijasida, jahon bozorlarida energiya tashuvchilar narxlarining pasayishi yoki ichki narxlarning oshirishsiz liberallashtirilishi sababli ushbu omillar inflyatsiyaga oshiruvchi taʼsir koʻrsatmaydi.

    Toʻrtinchidan, karantin sharoitida muayyan oziq-ovqat mahsulotlari va birlamchi ehtiyoj toifasiga kiradigan isteʼmol tovarlari narxlarining oshish dinamikasi vaqtincha tusga ega, keyingi oylarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yangi hosili olinishi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida hukumat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida bozorlarning mazkur tovarlar bilan toʻldirilishi ularning narxlari barqarorlashishiga xizmat qiladi.

    Qisqa muddatli istiqbolda iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi omillarning vujudga kelishi kutilmayapti. Bu, birinchi navbatda, joriy yil oxirigacha elektr energiyasi, kommunal xizmatlar, jamoat transporti tariflari va boshqa tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarishsiz qolishi bilan bogʻliq. Bunda karantin cheklovlarining bosqichma-bosqich bekor qilinishi bilan isteʼmolchilarda kechiktirilgan talabning yuzaga chiqishi, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari – goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga talabning ortishi, kuz-qish davrida dori-darmonlar, meva-sabzavotlar va boshqa mahsulotlar narxlarining mavsumiy oshishi kabi omillar qisqa muddatli davrda isteʼmol narxlariga oshiruvchi xatarlarning saqlanib qolishiga sabab boʻladi.

    Tashqi omillarning taʼsiri

    Joriy yilning mart oyidan boshlab jahonda va asosiy savdo hamkorlari boʻlgan mamlakatlarda pandemiyaga qarshi kurashish choralarining kuchaytirilishi, neft narxining tushishi va talabning kamayishi natijasida iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari pasayishi kuzatilmoqda. Bu, oʻz navbatida, ichki talab sezilarli darajada kamayishiga olib keladi.

    Pandemiya qancha davom etishi va uning global iqtisodiyotga qanday taʼsir koʻrsatishi mavhum boʻlgan sharoitda 2020-yilda Oʻzbekiston YAIMning real oʻsishi bazaviy prognozining qayta koʻrib chiqilishi qoʻshimcha tahlil oʻtkazishni talab etadi. Markaziy bankning ushbu koʻrsatkich boʻyicha xulosalari analitik hisob-kitoblar yakunlangach taqdim etiladi.

    Pul-kredit sharoitlari

    2020-yil aprel oyida asosiy stavkaning pasaytirilishiga qaramay, iqtisodiyotda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari saqlanib qoldi. Iyul–avgust oylarida majburiy zaxira talablarining yumshatilishi va MB tomonidan pul-kredit operatsiyalarining faol oʻtkazilishi sharoitida banklararo pul bozorida, shu jumladan, uzoqroq muddatli depozitlar boʻyicha foiz stavkalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi.

    Bunda soʻnggi ikki oyda 14 kungacha boʻlgan depozitlar boʻyicha foiz stavkalari MB foiz koridori doirasida shakllandi.

    Maqbul foiz stavkasi siyosatining joriy yil iyul oyidan joriy etilishi natijasida iqtisodiyotda depozitlar va kreditlar boʻyicha foiz stavkalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi.

    Joriy yil iyul oyida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari boʻyicha foiz stavkalari 18%gacha va yuridik shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha esa 15,2%gacha pasaydi. Nominal foiz stavkalarining pasayishiga qaramay, depozitlar boʻyicha ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Natijada bank tizimidagi jami depozitlar hajmi yanvar–avgust oylarida 13,6%ga oʻsdi.

    Milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha foiz stavkalari 20,6%gacha pasaydi. Bunda xoʻjalik yurituvchi subyektlar kreditlari boʻyicha foiz stavkalari yil boshidagi 24,3%dan 19,5%gacha, aholi kreditlari boʻyicha esa 28,1%dan 22,3%gacha pasaydi.

    Iqtisodiyotda kreditlash faolligi pasaydi. Yanvar–aprel oylarida tijorat banklari tomonidan berilgan iqtisodiyotga kreditlar qoldigʻining oʻsish surʼatlari oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 3,5%ga sekinlashib, 7%ni tashkil etdi. Banklar jismoniy va yuridik shaxslarning 16,4 trln soʻmdan boʻlgan kreditlari boʻyicha toʻlovlar muddatlarini uzaytirdilar. Bu, oʻz navbatida, banklarga pul mablagʻlari oqimi qisqarishi natijasida bank kreditini berish imkoniyatlarining muayyan darajada pasayishiga olib keladi.

    Valyutalarning almashuv kursi

    Soʻmning almashuv kursi dinamikasi jahon iqtisodiyotidagi umumiy iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi, valyuta tushumlarining kamayishi va asosiy savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi fonida shakllandi. Natijada valyuta kursi aprel oyida 5,8%ga keskin qadrsizlanishdan keyin may–avgust oylarida nisbatan barqaror boʻlib, yanvar–avgust oylarida umumiy devalvatsiya darajasi 8% atrofida boʻldi.

    Shu bilan birga, kelgusida milliy valyuta kursining oʻzining fundamental trendiga yaqin darajada shakllashini va real effektiv almashuv kursida jiddiy tebranishlar roʻy bermasligi kutilmoqda.

    Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi majlisi 2020-yilning 22-oktyabr kuniga rejalashtirilgan.