Xabaringiz bor, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 10 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo'yicha videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi. Mazkur yig'ilishda qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini keng joriy etish, bu borada aholini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ishlarni avvalambor o'zimizdan boshlashimiz kerak. Har bir hokim, vazir, barcha darajadagi rahbarlar shaxsiy namuna ko'rsatib, o'z uyi, ishxonasida muqobil energiya uskunasini o'rnatishi zarur dedi.

Bu borada aholi va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash uchun yangi tizim belgilandi. Ushbu tizimga ko'ra, har bir o'rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun, quvvatiga qarab, 15 million so'mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so'mgacha kompensatsiya to'lanadi. Yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyati yaratiladi.

2023 yildan esa, barcha savdo va aholi uchun xizmat ko'rsatadigan ko'plab binolarda issiq suv ta'minoti va tashqi yoritishning bir qismini muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.

Endi yuqorida ta'kidlangan, ushbu masalaning qay darajada muhimligiga e'tiboringizni qaratmoqchimiz.

Ma'lumki, hozir yurtimizda yoz fasli bo'lganligi sabab ko'plab fuqarolarimizda havo sovitish uskunalariga bo'lgan talab tobora ortadi. Bu esa, albatta qo'shimcha elektr energiyasi sarfini talab etadi.

Xalqaro eneregiya agentligi (IEA) ma'lumotlariga ko'ra, 2050 yilga kelib, dunyodagi konditsionerlarning taxminiy miqdori hozirgi kundagi 1,6 milliard donadan
5,6 milliard donagacha ortadi.

2050 yilga kelib, ushbu konditsionerlarni elektr toki bilan ta'minlash uchun sarflanadigan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi ko'mir va gaz elektr stantsiyalaridan chiqadigan issiqxona gazlari yiliga 2,28 mlrd. tonnagacha ortadi. Buning natijasida atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari havoning global darajada qizib ketishiga sabab bo'ladi.

Tahlillarga ko'ra, dunyo mamlakatlari orasidan eng ko'pi AQSHning 90 % oilasida konditsionerlar mavjud, Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdagi aholining faqatgina 8 % konditsionerlarga ega. Mazkur raqamlarda elektr energiyaga bo'lgan o'sish salohiyati ko'zga tashlanib turibdi, odamlarning daromadlari o'sib borgani sayin konditsioner egalarining miqdori ham o'sib boradi.

Muammoning yagona yechimi – havoni kondensatsiyalash texnologiyalarini yanada energiya samaradorroq qilish hamda elektr energiyasini issiqxona gazlarini ajratib chiqarmaydigan generatsiya usullari bilan ishlab chiqarishni ko'paytirish, jumladan elektr energiyasini quyosh va shamol hamda gidro elektr stantsiyalar yordamida ishlab chiqarish hisoblanadi.

Mazkur yo'nalishda ham mamlakatimizda keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Buning yorqin misoli sifatida, o'tgan yilning avgust oyida Navoiy va bu yil may oyida Samarqand viloyatlarida ishga tushirilgan, har birining quvvati 100 megavattga teng bo'lgan yirik quyosh fotoelektr stantsiyalarini keltirish mumkin. Ushbu ikkita stantsiyalarning faoliyati natijasida atmosferaga yiliga iqtisod qilingan tabiiy gaz yonishidan tashlanishi mumkin bo'lgan 260 ming tonna issiqxona gazlarining oldi olinmoqda.

Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, mamalkatimizda ham muqobil energiyadan keng foydalanishni rag'batlantirishga va ularni ishlab chiqarishni kengaytirishga, qolaversa aholining elektr energiyasiga bo'lgan “iste'mol madaniyati”ni oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Bu borada, Davlat ekologiya qo'mitasi ham mutasaddi vazirlik va idoralar, qolaversa keng jamoatchilik bilan hamkorlikdagi ishlarni yo'lga qo'ygan.

Davlat ekologiya qo'mitasi

Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi