Muzrobod tumanida yashovchi qarzdor Abdusamad Qosimov voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun 2020-yil iyul oyidagi sud buyrugʻiga asosan aliment toʻlashi belgilangan boʻlsa-da, qarzdor ota bir necha yillar davomida yigʻilib qolgan salkam 36 million soʻm aliment qarzdorligini toʻlashdan boʻyin tovlab kelganligi sababli 2024-yil avgust oyida 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan edi.
Qarzdor ota Abdusamad Qosimov maʼmuriy qamoq jazosidan soʻng oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarmasdan yakkayu yolgʻiz farzandiga aliment pulini toʻlashda qasddan boʻyin tovlab kelganligi sababli Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, surishtiruv va tergov harakatlariga kirishildi.
Afsuski, qarzdor ota aliment toʻlamaslik maqsadida surishtiruv organidan qochib yurganligi sababli unga nisbatan asosan qidiruv eʼlon qilindi.
Byuroning viloyat boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasiga koʻra qidiruvda boʻlgan A.Qosimov qiziq bir holatda, yaʼni Termiz shahridagi muhtasham toʻyxonalardan birida ukasining uylanish toʻyidan topilib, ushlandi.
Eng achinarlisi, Qosimovlarning oilasi oyu havas uchun qimmat restoranda 700 kishilik dabdabali toʻy berib, soxta obroʻ bilan gʻururlanayotgan bir vaqtda farzandini tashlab, uning moddiy taʼminotidan boʻyin tovlab kelayotganligini qanday tushunish mumkin.
Albatta, uning bu qilmishi javobsiz qolmaydi. Qarzdor otaning oldida ikki yoʻl qoldi biri aliment qarzdorligini toʻliq toʻlab beradi yoki qonunda belgilangan jazosini oladi.