Ikki oliy taʼlim muassasalari masʼullari ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbirda joriy yilning 11-12-mart kunlari ikki davlat rahbarlarining Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan muzokaralarida kelishilgan erishuvlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligini kengaytirish va chuqurlashtirish, professor-oʻqituvchilar va talabalarning akademik mobilligini oshirish, ilmiy tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish, Qirgʻiziston Respublikasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti va Qirgʻiz-Oʻzbek xalqaro universiteti oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, universitet bazasida xalqaro fakultet tashkil etish, qoʻshma ixtisoslashgan kengash tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum hamda ikki tomonlama diplom beruvchi qoʻshma taʼlim dasturi asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha shartnoma imzolandi.
Ushbu kelishuvlar ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Endilikda turdosh yoʻnalishlarda maxsus kengash tuzilib, unga ikki tomonning yetakchi olimlari jalb qilinadi. Bu raqobatbardosh va yetuk kadrlar tayyorlash koʻlamini yana-da kengaytirishga zamin yaratadi.
Tadbir doirasida mehmonlar institutning dizayn studiyasi, zamonaviy laboratoriyalar bilan tanishdi, deya xabar beradi OʻzA.