Qishga tayyorgarlikda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinmoqda

    Hukumat 16 Dekabr 2020 3372

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida qishga tayyorgarlikda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilinmoqda.

    Bu yil kuzda keskin sovuq tushib, ob-havo avvalgi yillarga nisbatan erta pasaydi. Elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda issiqlik taʼminotida tez-tez uzilishlar boʻldi. Bu vaziyat tarmoqlar va hududlarning qish mavsumiga tayyor emasligini yaqqol koʻrsatib berdi. Yaqinda benzin narxi ham oshdi. Bular aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

    – Menga balandparvoz gaplar va raqamlar kerak emas. Joylardagi rahbarlarning ishlari natijasiga ijtimoiy tarmoqlarda xalqimiz oʻzi xolis baho bermoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Yigʻilishda sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, energiya resurslari taʼminotini yaxshilash choralari muhokama qilinmoqda.

    Qish mavsumida tarmoq va hududlarda uzluksizlikni taʼminlash uchun sutkasiga 10-12 million kilovatt-soat qoʻshimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Bu quvvatni “Toshkent”, “Sirdaryo”, “Yangi Angren” elektr stansiyalaridagi 900 megavattli 5 ta energoblokni ishga tushirish hisobidan taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.

    Uzilishlarga, asosan, taqsimlovchi tarmoqlarning 60 foizi eskirgani hamda elektr energiyasiga talabning oshib borayotgani sabab boʻlmoqda. Shu bois past va oʻrta kuchlanishli tarmoqlarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish boʻyicha dastur ishlab chiqib, ijrosiga tezroq kirishish zarurligi taʼkidlandi.

    Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunda gaz taʼminotida sutkasiga 20 million kub metr tanqislik mavjud. Oqibatda mingdan ziyod mahallada tabiiy gaz bosimi pasaygan.

    – Gaz tizimi bilan bogʻliq muammolar bugun yuzaga kelmagani, balki oʻttiz yildan beri bizni qiynab kelayotganidan barchamiz xabardormiz. Lekin buni bahona qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Xalqimizga gaz kerak, ularning koʻpchiligi buning uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida halol qilib, toʻlab kelmoqda, – dedi Prezident.

    Davlat rahbari gaz eksportini qisqartirib, avvalo aholi ehtiyojlarini qondirish yuzasidan koʻrsatma berdi. Buning hisobiga kuniga 7-8 million kub metr tabiiy gaz qoʻshimcha ravishda hududlarga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, aholi ehtiyojini qoplash uchun yana 217 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.

    Samarasiz ishlayotgan 25 ta konni investorlarga “risk-servis kontrakt” shartlari asosida berib, tabiiy gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish mumkinligi aytildi.

    Joylarda koʻmir bilan bogʻliq eʼtirozlar ham bor. Aholi va ijtimoiy obyektlar uchun ajratilgan mahalliy koʻmirning 60 ming tonnasi hali egalariga yetkazib berilmagani koʻrsatib oʻtildi.

    Yigʻilish davom etmoqda.