Qishloq ayollariga sut mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo'yicha yangi bilimlar berildi

    FAO tomonidan tashkil etilgan mashg'ulotlarda 50 ga yaqin ayol ishtirok etdi.

    BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo'rg'on tumanlaridagi qishloq ayollari uchun sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash bo'yicha treninglar o'tkazdi. Trening ishtirokchilari ilg'or texnologiyalar, ta'lim va maslahat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari orasidan tanlab olindi.

    O'quv tadbirlari BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg'armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti hamda Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA) tomonidan BMTning Qo'shma dasturi sifatida bir qator xamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “O'zaro hamkorlik orqali O'zbekiston va Qirg'izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan. Loyiha Farg'ona vodiysidan o'tuvchi chegaraning har ikki tomonida qishloq xo'jaligi va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish orqali yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan bo'lib, Qirg'iziston va O'zbekistonning chegara hududlarida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilgan. Sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash bo'yicha treninglar esa O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi bilan hamkorlikda o'tkazildi.

    – Sog'in sigirlarni to'g'ri parvarish qilish, sut mahsulotlarini qabul qilishda sanitariya-gigiyena me'yorlariga rioya qilish, yirik va mayda shoxli qoramollarni turli kasalliklardan himoya qilish sohaning mahsuldorligiga bevosita ta'sir qiladi, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlaydi – dedi O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Ahmadjonova. – Olingan bilimlar qishloq ayollariga mavjud resurslardan yanada samarali foydalanish, shuningdek, bandlik masalalarini hal etish imkonini beradi.

    Mashg'ulotlarda 50 ga yaqin ayol ishtirok etdi. Treninglarda mutaxassislar bilan birgalikda chorvachilik kasalliklarining oldini olish, samarali ozuqa ratsionlarini tuzish, sutni uyda saqlash va qayta ishlash qoidalari hamda boshqa masalalar ko'rib chiqildi.

    Yangi bilim va ko'nikmalar ishtirokchilarga tarmoq samaradorligini va shu bilan birga daromadni oshirishga imkon beradi. Bularning barchasi qishloq xo'jaligini yanada jadal rivojlantirish va barqaror ishlab chiqarishni ta'minlashga yordam beradi, bu esa chegara hududlarida hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.