“Qishloq javohirlari” — ishchanlik, faollik va fidoyilik timsoli

    BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi yig'ilishida fidoyi, mehnatkash qishloq ayollarini e'tirof etish, ularga hurmat-ehtirom ko'rsatish maqsadida 15 oktyabr` — Qishloq ayollari xalqaro kuni deb e'lon qilindi.

    Jahonda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar hayotimizning barcha sohalari, jumladan, qishloq xoʻjaligi tarmoqlari rivojida ham xotin-qizlar ulushi ortishiga zamin yaratmoqda. Ayollar uy-roʻzgʻor yumushlari, bola parvarishi bilan bir qatorda yurt farovonligi va iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

    Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilishini taʼkidlab, 2020 yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yoʻnalishidagi loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit berish, buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratish, ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa oʻquv kurslarida oʻqitishni tashkil etish masalalari ilgari surilgan edi. Bugun ana shu ishlar faollik bilan amalga oshirilib, gender tengligi va ayollar bandligini taʼminlash kun tartibidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan.

    BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi yigʻilishida fidoyi, mehnatkash qishloq ayollarini eʼtirof etish, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida 15 oktyabr — Qishloq ayollari xalqaro kuni deb eʼlon qilindi. Hozir xalqaro miqyosda keng nishonlanadigan ushbu bayram bu yil yurtimizda ikkinchi bor oʻtkazilmoqda. Bugungi suhbatdoshimiz — Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi Adiba AHMADJONOVA mamlakatimizda Qishloq ayollari xalqaro kuni munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlarning faol tashabbuskorlaridan biri hisoblanadi.

    — YUrtimizda oʻtgan yili ilk bor nishonlangan Qishloq ayollari xalqaro kuni xotin-qizlarga bagʻishlangan boshqa sanalardan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Umuman, bu sananing maqsad-vazifasi qanday?

    — Qishloq ayollarining mehnati shahar aholisinikiga nisbatan doim mashaqqatliroq boʻlgan. Hatto eng rivojlangan davlatlarda ham ular uy ishlaridan ortib dala yoki oʻz tomorqasida mehnat qiladi, aholi uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga hissa qoʻshadi. Bunday ayollarning aksariyati oʻz xizmat vazifalaridan tashqari qishloq xoʻjaligi ishlari bilan shugʻullanadi, farzandlarini mehnatga oʻrgatadi. Bir soʻz bilan aytganda, qishloq joylarda yashaydigan xotin-qizlar mehnat faoliyati turidan qatʼi nazar, aholi farovonligi, dasturxon toʻkinligiga munosib hissa qoʻshadi. Mana shunday ayollarning oʻrni va ahamiyatiga jamiyat eʼtiborini qaratish, ularni qadrlash va mehnatlarini ragʻbatlantirish maqsadida Qishloq ayollari xalqaro kuni tashkil etilgan.

    Ushbu sananing keng nishonlanishi dunyo xalqlari orasida gender tenglik taʼminlanayotganidan ham dalolatdir. BMT Global kun tartibining 2030 yilgacha boʻlgan davr uchun belgilagan Barqaror rivojlanish maqsadlarida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish qayd etilgan. Bu borada yurtimizda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan tizimli ishlar Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “2030 yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz ifodasini topgan.

    Oʻtgan yili respublikamizda Qishloq ayollari xalqaro kuni birinchi marta keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda 256 ta tadbir tashkil etilib, unda 38,5 mingdan ortiq xotin-qiz ishtirok etdi. Jamiyat hayotida faol boʻlgan ayollarning 12 mingdan ortigʻi moddiy, 30 ming nafari maʼnaviy ragʻbatlantirildi.

    Mazkur sanaga bagʻishlab uyushmamiz tomonidan “Qishloq javohirlari” hujjatli filmi suratga olindi. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ot minib yurgan ayoldan tortib, tuyani sogʻib, uning sutidan qimron tayyorlayotgan ayolgacha koʻrsatilgan ushbu filmni zalda oʻtirgan 500 dan ortiq tomoshabin koʻzda yosh bilan tomosha qildi.

    Aytish joizki, bu sana faqat agrar sohada ishlayotgan xotin-qizlarning emas, balki jamiki qishloq ayollarining bayramidir. Oʻz yurtini qadrlab, kindik qoni toʻkilgan er, zaminga ehtirom bilan yashayotgan, hududini obodonlashtirayotgan qishloq ayollariga hurmat koʻrsatish, oʻylaymanki, har birimizning burchimiz.

    Tadbirkorlik qilish istagidagi ayollarning harakatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor opa-singillarimiz iqtidorini izchil roʻyobga chiqarishga xizmat qilyapti. Hozir iqtisodiyotning turli tarmoqlarida band boʻlgan xotin-qizlar ulushi 62 foizdan oshgani, tadbirkorlik subʼektlarining 120 mingdan ziyodini, jumladan, 4,5 mingdan ortiq fermer xoʻjaligini xotin-qizlar boshqarayotgani buning yorqin ifodasidir.

    Ayni paytda respublikamiz aholisining 49,8 foizini tashkil etayotgan xotin-qizlarning 49,3 foizi qishloq joylarda yashaydi. Davlatimiz tomonidan berilayotgan katta imtiyoz va imkoniyatlar tufayli barcha sohalarda ularning oʻrni mustahkamlanib bormoqda. Ijtimoiy faol xotin-qizlar soni koʻpayib, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼatdan tashqari, ishlab chiqarishdagi salmogʻi ortyapti. Jamiyatda ayollar oʻrnini yana-da mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan farmon va qarorlar qabul qilinishi, ularga tegishli xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish, muhim sanalarning mamlakatimizda ham joriy etilishi mavjud imkoniyatlar koʻlamini yana-da kengaytirmoqda.

    — Oʻttiz yil oldingi qishloq ayoli bilan bugungi qishloq ayolining oʻrtasida qanday farq koʻzga tashlanadi? Oʻtgan davr mobaynida nimalar oʻzgardi? Bugun qishloq ayoli deganda kimni koʻz oldimizga keltiramiz?

    — Avvalo, qishloq ayoliga munosabat, eʼtibor oʻzgardi. Qaysidir maʼnoda bir vaqtlar qishloq ayoliga zamondan ortda qolgan, koʻp narsaga aqli etmaydigan ojiza sifatida qaralgan boʻlsa, bugun har jabhada faollik koʻrsatayotgan, davr bilan hamnafas yashayotgan fermer, tadbirkor yoki oddiy mehnatkash ayolga koʻpchilik havas bilan qarayapti.

    Oxirgi yillarda qishloq aholisining gender tengligi, ayollarning ishlashiga boʻlgan munosabatning ijobiy tomonga oʻzgarib borayotgani ham mehnat bozorida xotin-qizlar ulushi ortishiga xizmat qilyapti. Ayollarning ham bu boradagi dunyoqarashi oʻzgarib, biror sohada mehnat qilish orqali oilasi daromadiga hissa qoʻshish, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagi, zamon bilan birga qadam tashlashga boʻlgan intilishi ortib boryapti. Bir necha yillar oldin yirik fermer xoʻjaliklarini faqat erkaklar boshqargan boʻlsa, bugunga kelib tumanlarda faoliyat yuritayotgan fermer, tadbirkor ayollar haqida tez-tez ­eshityapmiz.

    YAna bir quvonarli jihati qishloq ayollarining taʼlim olish, kasb-hunar oʻrganishga boʻlgan qiziqishi ortayotganidir. Xususan, oliy taʼlim muassasalarining agrar soha yoʻnalishida qizlar ulushi kengayib bormoqda. Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida joriy yilda jami 11 914 nafar talaba tahsil olayotgan boʻlsa, ularning 3 318 nafari yoki 27,8 foizini qizlar tashkil etmoqda. Buning uchun ularning oilasida sharoit yaratilib, qoʻllab-quvvatlanayotgani yana-da quvonarli hol. Zero, qishloqlarda yashaydigan xotin-qizlarni taʼlimga, kasb-hunar egallashga, tadbirkorlikka yoʻnaltira olsakkina hududlarda rivojlanish boʻladi, aholi farovonligi oshadi.

    — Qishloq ayollarini qoʻllab-quvvatlash — katta bir tizim. Bitta tashkilotning oʻzi uning barcha yoʻnalishlarini qamrab olishi qiyin. 2019 yilning iyulʼ oyida tashkil etilgan Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasining bu borada oldiga qoʻygan vazifalari nimalardan iborat?

    — Biz agrar sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish va mustahkamlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbiy mahoratini yuksaltirish, bilim doiralarini kengaytirish, gender teng­likni taʼminlash va boshqa bir qator vazifalarni oldimizga qoʻygan holda ish boshlaganmiz. Shu kunga qadar hududlarda huquqiy, iqtisodiy va psixologik yoʻnalishdagi oʻquv, amaliy hamda koʻrgazmali seminar-treninglar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, koʻrik-tanlovlar oʻtkazib kelyapmiz.

    Uyushmaning asosiy vazifasi qishloq joylardagi ayollarning turli yoʻnalishlarda bilimlari, kasbiy mahoratini oshirgan holda, oʻz qiziqishiga koʻra, tegishli tashkilotlarda mavjud boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltirishdan iborat. Ayni paytda uyushma bilan 12 ta vazirlik va idora oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, bu qishloq ayollariga turli masalalarda koʻmak berish imkoniyatini yana-da oshiradi.

    Hozir Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon va Fargʻona viloyatlarida uyushma filiallari ochilgan boʻlib, ulardagi mutaxassislarimiz hududlardagi ayollarning murojaatlarini qabul qiladi, oʻz maslahatlarini berib, qiziqishlari asosida tegishli tashkilotlarga yoʻnaltiradi. Bu jarayonlarda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida katta tajribaga ega olimlar, fan doktorlaridan iborat volontyorlarimiz ham faol ishtirok etadi.

    Oxirgi vaqtda ayollar uchun boʻsh ish oʻrinlari yaratishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, noanʼanaviy ekinlar yetishtirish yoʻnalishlariga katta eʼtibor qaratilyapti. Tomorqa yerlardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish, issiqxonalar tashkil etish, chorvachilikni rivojlantirish asosida hududlarda, asosan, xotin-qizlar uchun boʻsh ish oʻrinlari yaratilyapti. Koʻplab ayollar bundan yaxshi daromad olib, oʻz biznesini boshlashga ham muvaffaq boʻlmoqda. Oilasiga daromad olib kirish bilan birga yon-atrofidagi xotin-qizlarni ish bilan ­taʼminlayapti.

    Noanʼanaviy ekinlar ekish yoʻnalishida mehnat qilayotganlarning ham aksariyatini ayollar tashkil qilmoqda. Jizzax viloyati Baxmal tumanida klaster tashkil etilib, zaʼfaron oʻsimligini ekish yoʻlga qoʻyildi. Mazkur korxonada ham mavjud 200 ta doimiy ish oʻrnining 70 foizida xotin-qizlar ishlayapti. Aytish joizki, asosan xorijga eksport qilinadigan qimmatbaho oʻsimlik 3 ta yoʻnalish — oziq-ovqat, dori-darmon va boʻyoq sanoatida foydalaniladi. U inson immunitetini oshirib, juda koʻp kasalliklarga davo boʻlibgina qolmay, jahonda talabgir ziravor ­hamdir.

    Biz turli seminarlar, uchrashuvlar orqali, avvalo, ishchan, ijtimoiy faol ayollar safini kengaytirishni maqsad qilganmiz. Aslida ijtimoiy faol ayollar safiga nafaqat ishlayotgan yoki oʻqiyotganlar, balki ish izlayotganlarni ham kiritamiz. Chunki ular harakatda va biz ana shunday izlanuvchan, oʻz ustida ishlaydigan, oldiga maqsad qoʻygan ayollarni koʻpaytirsak, jamiyatda kambagʻallik kamayadi, farovonlik ortadi.

    — Davlatimiz rahbari joriy yilning 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “ayollar daftari”ni shakllantirish boʻyicha topshiriq berdi. Bu ayni vaqtida aytilgan juda muhim tashabbus boʻldi, shunday emasmi?

    — Haqiqatan, bu hozirgi kundagi eng dolzarb, muhim masalalardan biri. Sababi, har bir xonadon, har bir insonga etib borish, ularning muammolariga yechim topish kerak, degan tashabbusning amaliyotga joriy etilishi juda koʻp ayollarning hayotini yaxshi tomonga oʻzgartiradi. Bunday “daftar”ning yuritilishi, avvalo, barcha ayollarga boʻlgan eʼtibor ramzidir. Jamiyatimizdagi har bir xotin-qiz bunday gʻamxoʻrlik tufayli ­eʼtibordan chetda emasligini his etadi. “Mening gʻamimga kimdir sherik ekan, kimdir yordam bera olar ekan”, degan motivatsiya bilan yashaydi.

    “Ayollar daftari”, deb bekorga aytilmaydi. Unda kimningdir ismi qayd etildimi, demak u bilan tizimli ishlanadi. Bunday “daftar”ni tashkil qilishni 2 ta yoʻnalishga ajratib olish kerak, deb oʻylayman. Yaʼni unga obʼektiv sababga koʻra — qandaydir muammolar tufayli ishini yoki sogʻligʻini yoʻqotib qoʻygan, muammoga duch kelgan ayollar hamda subʼektiv sabab bilan tushganlarni aniqlab olish lozim.

    Subʼektiv sababga koʻra “ayollar daftari”ga tushgan xotin-qizlar bilan alohida ishlash, iloji boricha toʻgʻri tushuntirish ishlarini olib borish talab etiladi. Ular bir narsani ang­lashi lozim: “temir daftar”ga tushdi, degani unga doimiy yordam berilishini anglatmaydi. Afsuski, ayrim insonlar ana shunday fikrda boqimandalikka oʻrganib qolmoqda. Vaholanki, xalqimiz qoʻldan berganga qush toʻymas, deydi. Albatta, kam taʼminlangan, muhtoj oilalarga yordam berishimiz kerak. Lekin “temir daftar”, jumladan, “ayollar daftari”ni yuritishdan asosiy maqsad odamlarga mustaqil oyoqqa turishiga motivatsiya berish, munosib ish topishiga ragʻbatlantirish, kasb-hunar egallashiga koʻmaklashishdan iborat. Unga berilgan bilim va koʻnikmalarning bari oʻsha kishining oʻzi bilan qoladi va doimiy daromad manbaiga ega ish topishida katta koʻmak boʻladi.

    Shu jumladan, hayotda aniq maqsadi, istiqbol rejalari boʻlmagan, “ayollar daftari”ga tushib qolgan xotin-qizlar bilan ham alohida ishlashimiz kerak. Ularni ish bilan taʼminlashdan oldin maʼnaviyatini, dunyoqarashini boyitishimiz, intilishini uygʻotishimiz zarur. Har bir ayolda intilish boʻlsagina, jamiyatda katta oʻzgarishlar boʻladi. Bugun biror ish bilan shugʻullanaman, degan ayollarga koʻplab imtiyoz, imkoniyatlar berilyapti. Hatto ayrim tijorat banklari qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizini aynan ayollar ishbilarmonligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiryapti. Ulardan faqat foydalanish kerak, ­xolos.

    Biz bundan bir necha kun oldin AQSHning USAID tashkiloti bilan birinchi yirik loyihamizni amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzoladik. Loyihaning maqsadi eng chekka qishloq joylarda ayollarga bepul yuridik xizmat koʻrsatishdan iborat. U aholining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratiladi. Hozir Toshkent viloyatining Ohangaron va Parkent tumanlaridagi chekka togʻli hududlarida bepul xizmat koʻrsatadigan yuridik punktlar tashkil etilib, ishlarni boshlab yubordik. Bu punktlardagi mutaxassislarimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning murojaatlarini qabul qilib, muammolarining yechimida ularga koʻmak beradi.

    Bundan tashqari, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan yirik loyihalarda ishtirok etish, xotin-qizlar kooperatsiyalarini tashkil etish singari koʻplab maqsadlarimiz bor. Kelgusida barcha hududlarda Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi filiallarini tashkil etib, faoliyatimizni yana-da kengaytirish orqali yuzlab, minglab xotin-qizlarni jamiyatning faol qatlamiga aylantirishga hissamizni qoʻshish istagidamiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.