Dunyoda oxirgi yillardagi geosiyosiy vaziyat bilan bogʻliq holat oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham yetarli tahdidlar paydo qildi. Ayniqsa, Afrika qitʼasidagi ocharchilik holati yildan-yilga yomonlashib bormoqda.
Insoniyat bugun barcha soha rivojlangan XXI asrda yashayapti. Lekin oziq-ovqat muammosi, agrar soha masalalari yangi asrda ham dolzarbligicha qolgan. Dunyo aholisini ocharchilik, toʻyib ovqatlanmaslik, ichimlik suv kabi muammolar tobora keng qamrab olmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu inqiroz koʻplab mojarolar, iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik va iqtisodiy hisob-kitoblardagi xatoliklar natijasida ancha vaqtdan beri yetilib kelayotir.
Qolaversa, COVID-19 pandemiyasi hamda dunyo mamlakatlarining bir-biriga oziq-ovqat va boshqa turdagi sanksiyalarni tartibsiz joriy qilishi ham masalani yanada murakkablashtirib yubordi. Bu esa, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxining keskin oshishiga sabab boʻlmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, 2030-yilga borib, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 35 foizgacha qimmatlashadi. Shu sababli, oxirgi yillarda BMT va boshqa yirik jahon tuzilmalarida oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha yirik konferensiya hamda boshqa tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Bunday mahsulotlar yetishtirish yurtimizda ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Zero, Oʻzbekiston ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi va eksport qiluvchi davlatlardan biri sanaladi. Sentyabr oyida Samarqand shahrida oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro konferensiya fikrimiz tasdigʻidir. Oʻzbekiston Respublikasi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining texnik koʻmagida tashkil etilgan mazkur anjumanda 30 dan ortiq davlatdan 2 mingdan ziyod mutaxassis ishtirok etdi. Mazkur forumda mamlakatimizning agrar salohiyati yaqqol namoyon boʻldi.
Tadbirda qatnashgan 26 mamlakatdan kelgan 100 dan ziyod kompaniya vakillari Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi imkoniyati bilan yaqindan tanishib, hamkorlik oʻrnatishga katta qiziqish bildirdi. Mamlakatimizdagi qator oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va professor-oʻqituvchilari bilan birga Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti masʼullari ham anjumanda qatnashib, Finlyandiya, Polsha, Litva, Malayziya kabi mamlakatlarning sohaga ixtisoslashgan OTMlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolashga
erishdi. Bu kelgusida qishloq xoʻjaligiga innovatsiyalarni joriy etadigan malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Hozir jahon oziq-ovqat xavfsizligi moʻtadil yoki oʻtkir boʻlmagan sharoitda 2,3 milliard inson yashayapti. Shundan 556 millioni (25 foizi) Osiyo qitʼasida. Dunyoda oxirgi yillardagi geosiyosiy vaziyat bilan bogʻliq holat oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham yetarli tahdidlar paydo qildi.
Ayniqsa, Afrika qitʼasidagi ocharchilik holati yildan-yilga yomonlashib bormoqda. Albatta, bu xavf-xatarlarning barchasi ham Oʻzbekiston uchun xos emas. Masalan, yurtimizga ocharchilik xavf solayotgani yoʻq. Lekin yerning shoʻrlanishi, sugʻorish uchun suv resurslari kamayib borayotgani, choʻllanish, qurgʻoqchilik kabi tahdidlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi asosiy muammolarga aylanmoqda.
Oxirgi yillarda yurtimizda qishloq xoʻjaligiga yangicha yondashuv tizimi joriy qilindi. Yaqin-yaqingacha saqlanib kelgan paxta yakkahokimligiga barham berilib, yerdan samarali foydalanishga eʼtibor qaratildi. Birinchi marta davlat qishloq xoʻjaligi yeri aholiga uzoq yillik ijara asosida boʻlib berilmoqda. Paxta va gʻalla klasterlari tashkil etilib, yuqori hosildorlik va natijadorlikka erishilmoqda. Xususan, bu yil birinchi marta gʻalladan 8 million tonnadan ziyod hosil olindi.
Dehqon va fermerlarning manfaatdorligi oshishi hisobiga yerga munosabat oʻzgaryapti. Natijada yerning meliorativ holati yaxshilanmoqda. Tomchilab sugʻorish tizimi keng joriy etilmoqda. Yerga agrotexnik ishlov berish uchun xorijdan zamonaviy texnikalar olib kelinayotganidan ham xabardormiz. Dehqon-fermerlar yetishtirgan mahsulotlarini oʻzi xorijga eksport qilmoqda. Ularga bojxona va karantin xizmatlari koʻrsatish tizimi tubdan oʻzgargan. Eksportda transport xarajatining bir qismini qoplab berish amaliyoti joriy qilindi.
Bir soʻz bilan aytganda, ularga qulay sharoitlar yaratib berilyapti. Surxondaryo qulay geografik joylashuvi, unumdor tuprogʻi, suv zaxiralari mavjudligi bilan alohida ahamiyatga ega. Agrar sohadagi keng islohotlar viloyat qishloq xoʻjaligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Chunonchi, yangi turdagi dehqon-fermer xoʻjaliklari tashkil etilib, ekin turlari bozor munosabatlari asosida yetishtirilyapti. Mahsulotlar turi koʻpayib boryapti. Bu esa ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash va xorijga ham eksport qilishga yoʻl ochadi.
Voha dehqonlari allaqachon eksportbop mahsulot yetishtirishning hadisini olgan. Bunda davlat tomonidan logistika, bojxona, karantin sohasida dehqon-fermerlarga yaratib berilayotgan katta imkoniyatlar muhim omil boʻlayotir. Shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish maqsadida kam taʼminlangan oilalarga yer ajratib berilyapti. Ular yerdan unumli foydalanib, ikki-uch martagacha hosil olyapti. Bundan tashqari, hududda takroriy ekin ekishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, viloyatda 2023-yilda gʻalladan boʻshagan yerning 90 ming 800 gektariga takroriy ekin ekildi. Shundan klaster va fermer xoʻjaligi oʻz ehtiyoji uchun 31 ming 191 gektarga, fermer xoʻjaligi aʼzolari 49 ming 550 gektarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turganlar 1 ming 21 gektarga takroriy ekin ekkan. Surxondaryo viloyatida 2023-yilda 390 ming 141 tonna oziq-ovqat mahsuloti realizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Bunda ichki isteʼmol uchun 134 ming 599 tonna, eksport uchun 60 ming 472 tonna, qayta ishlash korxonalariga 79 ming 979 tonna, zaxiraga 79 ming 589 tonna, Toshkent shahri va boshqa yarmarkalarga yuborish uchun 35 ming 503 tonna oziq-ovqat mahsuloti yetishtirish koʻzda tutilgan. Vohaning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlari erta pishadi. Shu bois, soʻnggi besh yilda meva-sabzavot asosiy ekin maydoni 2,5 barobar kengaytirildi. Bu yil aholi uchun yana 8 ming 500 gektar yer ajratilmoqda.
Dehqonlarga sharoit yaratib, suv taʼminotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 barobar oshirish va eksport qiymatini 250 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu yoʻnalishda, ayniqsa, 2021-yildan boshlab Surxondaryo tajribasi asosida yoshlarga 30 sotixdan yer ajratib berilayotgani juda katta voqea boʻldi. Viloyatda 2023-yilda ham “Yoshlar daftari”da turgan 2 ming 802 nafar fuqaroga E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali 1008,44 gektar yer maydoni ajratib berildi. Hozir yoshlar yetishtirilgan hosilni yigʻishtirish bilan band.
Abdugʻaffor JOʻRAYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor