Ishbilarmon ruhda kechgan muloqot chogʻida vazir Jamshid Xodjayev boʻlajak tadbirlarga tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi. Jumladan, u Turkiy Davlatlar Tashkiloti Kengashi va Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga (IHT) bir vaqtning oʻzida raislik qilish qiziqarli platforma yaratish imkonini berishini taʼkidlab oʻtdi. “Dastlab Turkiy davlatlar agroforumi, soʻngra IHT yigʻilishi oʻtkazilib, ularning doirasidagi madaniy dastur va barcha tashkiliy tadbirlar birlashtiriladi, bu esa oʻz navbatida dasturning qiziqarli oʻtishiga zamin yaratadi”, – dedi Jamshid Xodjayev.
Eslatib oʻtamiz, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi negizida tuzilgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti 2022-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqdagi qaror 12-noyabrda Istanbulda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida boʻlib oʻtgan Turkiy kengashning sakkizinchi sammitida qabul qilindi.
Oʻz oʻrnida TDT Bosh kotibi Bagʻdod Amreyev shunday fikr bildirdi: “Bizning davlatlarimiz yaqindan hamkorlik qilyapti. Forumga yirik ishlab chiqaruvchilar, kompaniyalar, xususan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni koʻproq taklif qilishimiz kerak. Yaʼni bizlarni hamkor hududlarda faoliyat yuritadigan agrar soha vakillari koʻproq qiziqtiradi. Ular butun hududimizni, hech boʻlmasa ikki yoki uchta davlatni qamrab olsa yaxshi”.
Soʻngra tomonlar ushbu keng koʻlamli mintaqaviy tadbirdan kutilayotgan natijalar bilan bir qatorda tashkiliy masalalarni ham muhokama qildilar.
“Ayni vaqtda biz koʻp tomonlama hamkorlik Memorandumi hamda yakuniy bayonnomani tayyorlayapmiz. Ularni taklif etilayotgan loyihalarga qoʻshib, sizga va tashkilotning boshqa aʼzolariga taqdim etamiz. Yakuniy bayonnomada kooperatsiya munosabatlarini aks ettirishni istardik, chunki barcha davlatlarning qishloq xoʻjaligi va tuproq-iqlim sharoitlari oʻziga xos, – deya taʼkidlab oʻtdi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev. — Ushbu yoʻlda kuchlarni birlashtirib, hamkorlikda kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyadigan boʻlsak, u holda nafaqat qishloq xoʻjaligi sohasidagi ishlab chiqarishni, balki hosil yetishtirishning butun quyoshli davrini qamrab olamiz. Masalan, Oʻzbekistonda hamma narsa erta gullaydi, undan keyin ushbu jarayon Tojikiston, Qirgʻiziston hamda Qozogʻistonda kuzatiladi. Bundan tashqari, Qozogʻistonda donli ekinlar koʻp yetishtirilsa, bizda Qirgʻiziston va Tojikistonda boʻlgani kabi danakli mevalar serob. Ushbu masalada biz raqobatchi sifatida emas, balki aynan kooperatsiya boʻyicha hamkorlar sifatida ishlashimiz mumkin. Bunday saʼy-harakatlar yaxshi natija berishiga ishonchim komil”.
Shuningdek, uchrashuv davomida Jamshid Xodjayev va Bagʻdod Amreyev bir qator boshqa masalalarni ham muhokama qildi. Budapeshtda TDT homiyligida “Ybl Villa” bogʻini tashkil etish doirasida soʻralgan 50 tup daraxt koʻchati va 200 tup lolani (Qoʻqon naʼmatagi, lola turlari, Turkman noki, oddiy anor, sharqona xurmo, Konstantinopol behisi, Siyevers olmasi) yetkazib berish boʻyicha ishlar hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan olib borilayotgani aytildi. Ularni iyun oyining oxirida joʻnatish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.
Bundan tashqari, vazir Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida Qurgʻoqchilikning oldini olish institutini tashkil etish va uning keyingi faoliyati doirasida TDT kotibiyati hamda vengriyalik hamkasblar bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini taʼkidladi. Ushbu institutni tashkil etish taklifi TDT 8-sammitida Vengriya Bosh vaziri V. Orban tomonidan kiritilgan edi.