Qishloq xoʻjaligi xodimlari va ularning oila aʼzolari bepul sogʻlomlashtiriladi

    Salomatlik 31 Yanvar 2023 1394

    Sogʻliqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga koʻra, joriy yil 1-fevraldan 1-martgacha yurtimizda “Qishloq xoʻjaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi oʻtkaziladi.

    Bu davrda mamlakatimizdagi agrar soha xodimlari — fermerlar, dehqon, bogʻbonlar, klaster xodimlari va ularning oila aʼzolari, avvalo, profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar hamda skriningdan oʻtkaziladi.

    Tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar boʻyicha davlat koʻmagida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari koʻriladi.

    Buning uchun dastlab agrar soha xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent hamda ularning oila aʼzolari roʻyxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.

    Shundan soʻng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkaziladi.

    Tibbiy koʻriklar yakunida:

      • hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sogʻlomlashtiriladi;
      • oʻtkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi boʻgʻindagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
      • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yoʻllanmalar taqdim etiladi.

    Oʻz navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan koʻriklar oʻtkaziladi.

    Agrar soha xodimlari va ularning oila aʼzolari orasida homiladorlar, yangi farzandli boʻlgan ayollar, chaqaloqlar, yotib qolgan, keksa, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar boʻlsa, ushbu qatlam oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinib, zarur hollarda tor soha mutaxassislari ishtirokida xonadonlarning oʻzida koʻriklar amalga oshiriladi.

    Shuningdek, tibbiy tekshiruv natijalari boʻyicha mehnatga qobiliyatini turgʻun yoʻqotgan, organizm funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishi aniqlangan qatlamga nogironlikni belgilash uchun tegishli organga yoʻllanmalar beriladi.